Avto

Chevrolet’ning mashhur avtomobili yangilanadi: foto

General Motors yaqin ikki yil ichida AQShdagi ishlab chiqarish quvvatlariga $4 mlrd investitsiya kiritishini ma’lum qilgan
Chevrolet’ning mashhur avtomobili yangilandi: foto
Foto: Chevrolet

Chevrolet’ning Chevrolet Blazer 2027 avtomobili rasman taqdim etiladi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.

Kutilishicha, 2027-yilgi Blazer 2026-yilgi modeldan deyarli farq qilmaydi. Tashqi ko‘rinish, salon dizayni, komplektatsiyalar va dvigatel variantlari saqlab qolinadi.

Xaridorlar ikki xil dvigatelni ko‘rishi mumkin. Birinchisi — 2,0 litrli turbomotorli I4 LSY benzin agregati. Ikkinchisi — 3,6 litrli atmosferali V6 LGX dvigateli. Ikkalasi ham GM’ning 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan taklif etiladi. Old g‘ildirakdan tortish va to‘liq uzatmali versiyalar mavjud bo‘lib qoladi.

Foto: Chevrolet

2027-yilda o‘zgarishlar asosan kosmetik bo‘lishi kutilmoqda. Yangi rang variantlari va opsional paketlarda kichik yangilanishlar paydo bo‘lishi mumkin. Model ishlab chiqarish yakuniga yaqinlashgani sababli ayrim diler aksessuarlari qisqarishi ehtimoli bor.

Hozirgi kunda ichki yonuv dvigatelli Blazer Meksikadagi Ramos Arispe zavodida ishlab chiqarilmoqda. Ushbu ishlab chiqarish 2027-yil boshida yoki undan ham oldin to‘xtatilishi mumkin. Keyinchalik yig‘ish jarayoni Tennessi shtatidagi Spring Hill zavodiga ko‘chiriladi.

Foto: Chevrolet

General Motors yaqin ikki yil ichida AQShdagi ishlab chiqarish quvvatlariga $4 mlrd investitsiya kiritishini ma’lum qilgan. Mablag‘ Michigan, Kanzas va Tennessi shtatlaridagi zavodlarga yo‘naltiriladi. Spring Hill’ga yo‘naltirilgan sarmoyaning bir qismi Blazer’ning ichki yonuv dvigatelli versiyasini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Foto: Chevrolet

2027-yilgi Blazer o‘tish davri modeli sifatida baholanmoqda. Asosiy yangilanish 2028-yilda kutilmoqda. Bu to‘liq yangi avlod yoki keng ko‘lamli restayling ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Chevrolet Onix 2026 avtomobili savdoga chiqqani haqida yozgan edi.