Daniil Yeybog qishki Olimpiadada 14-o‘rinni egalladi

15-fevral 2026 07:22 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Qishki Olimpiya o‘yinlarida short-trek bahslarida O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotgan Daniil Yeybog 1500 metr masofada o‘z chiqishini yakunladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.

U chorak final bosqichida muvaffaqiyatli harakat qildi. U o‘z guruhida 2:16.963 natija bilan 3-bo‘lib marraga yetib keldi va yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Yarim finalda esa Yeybog 2 daqiqa 18 soniya natija bilan yana 3-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich «A» finaliga chiqish uchun yetarli bo‘lmadi. Natijada sportchimiz «B» finalida ishtirok etdi.

Hal qiluvchi bosqichda u 5-bo‘lib finishga yetib keldi. Umumiy hisobda esa 1500 metr masofadagi bahslarni 14-o‘rinda yakunladi.

Ma’lumot uchun, Daniil Yeybog 1997-yil 20-martda Rossiyaning Olenegorsk shahrida tug‘ilgan.

2019-yil 2-noyabr kuni short-trek bo‘yicha Jahon kubogida aralash estafetada oltin medalni qo‘lga kiritgan. Ertasi kuni Solt-Leyk-Sitida 5000 metr erkaklar estafetasida ham g‘olib bo‘lgan.

2020-yilda Yevropa chempionatida estafeta tarkibida oltin medal olgan. 2021-yilda Gdansk shahrida bo‘lib o‘tgan qit’a chempionatida erkaklar estafetasida bronza medalni qo‘lga kiritgan.

2022-yil fevralda Pekin shahrida o‘tgan Qishki Olimpiya o‘yinlarida 1500 metr masofada qatnashgan, biroq yarim finalga chiqa olmagan.

2024-yilda sport fuqaroligini o‘zgartirib, O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tgan. Xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun unga ikki yillik tanaffus sharti qo‘yilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston qishki Olimpiadada yana bir litsenziyaga ega bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek