Geely BYD’ni ortda qoldirdi

15-fevral 2026 08:10 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Geely BYD’ni ortda qoldirdi
Foto: Drive

Xitoyda Geely kompaniyasi savdolar bo‘yicha BYD’ni ortda qoldirdi. Bu haqda CarNewsChina ma’lum qildi.

Chakana savdoda Geely 210 ming dona avtomobil sotdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 12,6% kamayish demakdir. Ikkinchi o‘rinda FAW-Volkswagen 132 ming dona bilan qayd etildi. BYD esa 94 ming dona ko‘rsatkich bilan uchinchi bo‘ldi. Uning savdosi bir yil ichida 53%ga qisqardi.

Top-10 ro‘yxatiga ilk bor HIMA kirdi. Huawei bilan bog‘liq ushbu yangi energiya brendi chakana savdoni 65,5%ga oshirib, 58 ming dona natija ko‘rsatdi.

Umuman olganda, yanvar oyida Xitoyda 1,544 mln dona yo‘lovchi avtomobili sotildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 13,9% kam. Oylik ko‘rsatkich esa qariyb uchdan birga qisqardi.

Ulgurji savdoda ham Geely yetakchilik qildi. Kompaniya 270 ming dona avtomobil jo‘natdi. Bu 1,3% o‘sishni anglatadi. BYD 206 ming dona, Chery 194 ming dona natija qayd etdi. Uch kompaniya birgalikda bozorning 30%dan ortig‘ini egalladi.

Foto: BYD

SAIC ulgurji savdosini 53,6%ga oshirdi. Bu asosan MG brendining tashqi bozordagi muvaffaqiyati bilan bog‘liq.

Teslaning Xitoydagi bo‘linmasi 69 ming dona avtomobil ulgurji sotdi. Bu 9,3% o‘sishdir. Shanghai Gigafactory eksportlari asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib qolmoqda.

Geely 2026-yilda har chorakda bir yoki ikki yangi model chiqarishni rejalashtirgan. Kompaniya yil yakunida 3,45 mln dona avtomobil sotishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely O‘zbekistonda uchta krossoveri narxlarini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek