Yangiliklar

Qaysi eski avtomobillar «antikvar» sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi

2026-yil 1-fevraldan ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlandi
Foto: Vadim Yerzikov / Kursiv Uzbekistan / Toshkent politexnika muzeyi

O‘zbekistonda «antikvar» sifatida e’tirof etilgan avtomototransport vositalariga cheklov joriy etilmaydi. Bu haqda YHXB axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlandi. Mazkur cheklov «antikvar» sifatida e’tirof etilgan avtomototransport vositalariga tatbiq etilmaydi.

Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq vaqt o‘tgan hamda asl holati saqlangan avtomobillar antikvar transport vositasi sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunday avtomobillarga maxsus davlat raqam belgilari berilishi ko‘zda tutilgan.

Vadim Yerzikov / Kursiv Uzbekistan / Toshkent politexnika muzeyi

Biroq bu maqomni olish uchun transport vositasi ma’lum talablarga javob berishi shart. Eng avvalo, avtomobilning tashqi ko‘rinishi va umumiy tuzilishi o‘zgarmagan bo‘lishi kerak. Kuzov shakli, konstruksiyasi va zavoddan chiqqan dastlabki ko‘rinishi saqlangan bo‘lishi lozim.

«Avvalo, avtomashina tashqi ko‘rinishi, tuzilishi va kuzovi o‘zgarmagan bo‘lishi lozim. Dvigateli va yoqilg‘i turi almashmagan bo‘lishi shart. Dvigateldan chiqqan kuchni g‘ildiraklarga uzatuvchi debriyaji, ya’ni stsepleniya, balonlar, tormoz va rul boshqaruv tizimlari, uzatmalar qutisi, shuningdek, dachiklar singari elektr jihozlari hamda salon o‘rindiqlarining joyi va shakli asl holatda bo‘lishi talab etiladi», – deydi Yo‘ldoshev.

Qaysi eski avtomobillar «antikvar» sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi
Foto: Vadim Yerzikov / Kursiv Uzbekistan / Toshkent politexnika muzeyi

Agar avtomobil yuqoridagi mezonlarga to‘liq javob bersa, u «antikvar» transport vositasi sifatida tan olinadi va belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda 50 yildan oshgan avtomobillar uchun yangi qoidalar qanday ishlashi haqida yozgan edi.