Gadjetlar

Samsung yangi funksiyani e’lon qildi

Yon tomondagi odamlar tasvirni aniq ko‘ra olmaydi
Samsung yangi funksiyani e’lon qildi
Foto: Sammobile

Samsung yangi «Privacy Display» funksiyasini rasman e’lon qildi. Kompaniya foydalanuvchilarni yangi maxfiylik darajasiga tayyorlanishga chaqirgan.

Yangi texnologiya displeydagi kontentni yon tomondan qarayotganlar uchun ko‘rinmas qiladi. Ya’ni ekranga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaragan foydalanuvchi ma’lumotni ko‘radi, biroq yon tomondagi odamlar tasvirni aniq ko‘ra olmaydi.

Kompaniya videorolik orqali funksiyani namoyish etdi. Unda texnologiya 25-fevral kuni taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Samsung videosidan ekran tasviri

Avval e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu kuni San-Fransiskoda Galaxy Unpacked tadbiri o‘tkaziladi. Unda Samsung Galaxy S26 Ultra, Galaxy S26 va Galaxy S26 Plus modellari namoyish etilishi kutilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, «Privacy Display» funksiyasini birinchi bo‘lib Galaxy S26 Ultra olishi mumkin. Bu kompaniyaning flagman modelida xavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga katta urg‘u berilganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 oldindan buyurtmaga chiqqani haqida yozgan edi.