2026-yilda Navoiyda 40 ta mahalla ixtisoslashtiriladi

2026-yilda Navoiy viloyatida 40 ta mahalla ixtisoslashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi. Loyihaviy yondashuv asosida hududlar ixtisoslashtiriladi.
«Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla» maqomi berilgan 8 ta qishloq tumanidan tanlab olingan 16 ta mahallada shahar muhiti yaratiladi. Ushbu hududlarda zamonaviy infratuzilma va qulay yashash sharoitlari barpo etiladi.
Og‘ir toifadagi Konimex va Navbahor tumanlari, shuningdek, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 12 ta mahallada kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun infratuzilma hamda ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar yaxshilanadi.
Viloyatdagi 40 ta mahallani ixtisoslashtirish maqsadida 60 ta tik quduq qaziladi. Transformatorlar o‘rnatiladi, elektr tarmoqlari tortiladi va sug‘orish tizimlari betonlanadi.
2026–2027-yillarda viloyatda tuyachilik va yilqichilikni rivojlantirish rejalashtirilgan. Xorijiy davlatlardan sut va go‘sht yo‘nalishidagi zotli tuya va otlar olib kelinadi.
Grant mablag‘lari jalb qilingan holda aholi va chorvachilik xo‘jaliklaridagi mayda shoxli mollar 2026–2027-yillar davomida to‘liq identifikatsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Navoiyda «Qadimiy Karmana» turistik markazi tashkil etilishi haqida yozgan edi.