Avtomobilni xarid qilishdan oldin qanday tekshirish kerak — hujjatlar, pul va birinchi ko‘rik

16-fevral 2026 17:18 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Foto: «Pravilnoye STO»

Avtomobil sotib olish katta qaror. Bunda shoshilish yoki mayda detallarni e’tibordan chetda qoldirish esa keyin katta muammolarga olib keladi. Ushbu maqola orqali Kursiv Uzbekistan avtomobil sotib olishdan oldin nimalarni tekshirish va mashinani birinchi ko‘rikdan to‘g‘ri o‘tkazish haqida ma’lumot beradi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Hammasi qog‘ozdan boshlanadi: qaysilarini tekshirish kerak

Foto: «Autostrada»

Avtomobil qanchalik chiroyli ko‘rinmasin, hujjatlar toza bo‘lmasa, bitim xavf ostida qoladi. Eng avvalo, hujjatlar egasiga mos kelishi va rasmiy bo‘lishi kerak.

Avvalo sotuvchida shaxsni tasdiqlovchi hujjat va texnik pasport bo‘lishi shart. Sotuvchining ism-sharifi avtomobil hujjatlaridagi ma’lumotlarga to‘liq mos kelishi kerak. Agar mashinani egasining o‘zi emas, boshqa shaxs sotayotgan bo‘lsa, notarial tasdiqlangan ishonchnoma talab qilinadi. Texnik pasportdagi VIN-kod va boshqa ma’lumotlar avtomobil kuzovidagi belgilar bilan bir xil bo‘lishi lozim. Agar transport vositasi 7 yildan katta bo‘lsa, amaldagi texnik ko‘rik kartasi majburiy hisoblanadi. Uning amal qilish muddati o‘tgan bo‘lsa, harakatlanish vaqtida jarima qo‘llanishi mumkin.

Xaridordan esa faqat shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi. Aynan shu hujjat asosida avtomobil yangi egaga rasmiylashtiriladi. Biroq rasmiylashtirish yakunlangach, ish tugadi deb o‘ylash xato bo‘ladi. Yangi texnik pasport va davlat raqamlari olinganidan so‘ng texnik ko‘rik kartasi ham yangi egaga o‘tkazilganini tekshirish zarur. Agar tizimda eski egasi ko‘rsatilgan bo‘lsa, yo‘lga chiqish jarima bilan yakunlanishi mumkin.

Sug‘urta masalasiga ham alohida e’tibor berish kerak. Avtomobil boshqa shaxs nomiga o‘tgach, avvalgi sug‘urta polisi o‘z kuchini yo‘qotadi. Yangi egaga yangi sug‘urta rasmiylashtirilishi shart. Eng muhim jihat bu sug‘urtaning amal qilish sanasi. Ba’zan hujjat ertangi kundan kuchga kiradi. Agar shu kuni transport vositasi boshqarilsa, haydovchi jarimaga tortilishi mumkin.

Rasmiylashtirish yakunida sotuvchi va xaridorda oldi-sotdi shartnomasining bittadan nusxasi qoladi. Ushbu hujjatni saqlash juda muhim, chunki u bitimning rasmiy tasdig‘i hisoblanadi. Unda avtomobilning to‘liq ma’lumotlari, narxi va bitim sanasi aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Hujjatlarga e’tibor bilan yondashish xavfsiz va muammosiz xaridning asosiy kafolati.

Pul masalasi: xatolar eng ko‘p shu yerda qilinadi

Avtokredit
Foto: depositphotos

Avtomobil xaridida eng nozik bosqich bu to‘lov jarayoni. Mashina texnik jihatdan tekshirilib, hujjatlari to‘g‘ri ekani aniqlangach, odatda sotuvchi xaridordan oldindan to‘lov qoldirishni so‘raydi. Bu bosqichni rasmiylashtirmasdan amalga oshirish tavsiya etilmaydi, chunki har qanday berilgan summa keyinchalik yakuniy hisob-kitobda inobatga olinishi kerak.

Oldindan qoldirilgan pul miqdori qancha bo‘lishidan qat’i nazar, u rasmiy ravishda tasdiqlanishi zarur. Sotuvchi oldindan to‘lov olganida yozma tilxat berishi shart. Unda olingan summa aniq ko‘rsatiladi va aynan qaysi avtomobil uchun berilgani yoziladi. Hujjatda mashinaning markasi, modeli, davlat raqami va VIN-kodi qayd etilishi muhim.

Yakuniy hisob-kitobdan oldin oldi-sotdi shartnomasi tuziladi. Eng ishonchli yo‘l bu notarius orqali rasmiylashtirish hisoblanadi, chunki hujjat huquqiy jihatdan yanada mustahkam bo‘ladi. Amaliyotda esa ko‘pchilik bitimni maxsus davlat xizmatlari markazida rasmiylashtiradi. Qaysi yo‘l tanlanishidan qat’i nazar, shartnoma tuzilmasdan pulni to‘liq topshirish tavsiya etilmaydi.

To‘lov shakli masalasida naqd yoki bank o‘tkazmasi tanlanadi. Bu odatda tomonlarning qulayligiga va summa miqdoriga bog‘liq. Bank orqali o‘tkazma xavfsizroq hisoblanadi, chunki to‘lov izi tizimda saqlanadi va bahsli vaziyatlarda isbot vazifasini bajaradi. Biroq ayrim hollarda o‘tkazmalar bo‘yicha cheklovlar mavjud bo‘lishi mumkin. Naqd pul bilan hisob-kitob qilinganda esa jarayon yanada ehtiyotkorlikni talab qiladi.

Agar to‘lov naqd shaklda amalga oshirilsa, pul to‘liq topshirilgach, sotuvchi butun summani olganini tasdiqlovchi yozma tilxat yozib berishi shart. Unda avtomobil uchun to‘lov to‘liq amalga oshirilgani aniq qayd etiladi.

Birinchi ko‘rik: ko‘z bilan ko‘rish yetarli emas

Rasm SI

Avtomobil sotib olishda birinchi ko‘rik eng muhim bosqich hisoblanadi. Ko‘pchilik tashqi ko‘rinishga aldanadi, biroq mashinaning haqiqiy holatini aniqlash uchun kuzov, g‘ildiraklar, salon va texnik elementlarni sinchiklab tekshirish zarur. Bozordagi aksariyat avtomobillar ma’lum darajada kuzov ta’miridan o‘tgan bo‘ladi.

Kuzov va g‘ildiraklarni tekshirish. Mashinaning kuzovini avvalo uzoqdan turib ko‘zdan kechirish kerak. Agar detallarda rang farqi sezilsa, demak ayrim qismlar qayta bo‘yalgan. Kapot, bamper va qanotlar orasidagi tirqishlar bir xil va tekis bo‘lishi lozim. Notekislik ta’mir izidan dalolat beradi. Barcha eshiklarni ochib-yopib ko‘rish zarur. Har birida bir xil kuch talab qilinishi kerak. Oynalar, lyuk, eshik va bagaj atrofidagi rezina muhrlarni tekshirish muhim. Ularni biroz ko‘tarib ko‘rish orqali sifatsiz ta’mir yoki zang izlarini aniqlash mumkin.

Foto: Kolesa.kz

Haydovchi tomonidagi eshik ostida bo‘yoq gruntgacha yeyilgan bo‘lsa, mashina ko‘p yurganini bildiradi. Agar yo‘lovchi tomonida ham shunday izlar bo‘lsa, avtomobil taksida ishlagan bo‘lishi mumkin. Kapot, qanot va eshiklarni mahkamlovchi boltlar chetida asbob izlari ko‘rinsa, detal yechilgan va qayta o‘rnatilgan bo‘lishi ehtimol. Disklarning bo‘yalganligi yoki boshqa firma disklari qo‘yilgani yurish qismi atrofida zarba bo‘lganini anglatishi mumkin. Shinalarni tekshirish ham zarur. Ularning bir xil markada va bir xil darajada yeyilgani ma’qul. Bitta yoki ikkita g‘ildirak boshqa turga almashtirilgan bo‘lsa, sababini aniqlash kerak.

Oynalardagi markirovka bir xil bo‘lishi va ishlab chiqarilgan yili avtomobil yoshidan katta bo‘lmasligi lozim. Old oyna tosh zarbasi sabab tez-tez almashtiriladi, biroq sotuvchidan aniqlashtirish zarar qilmaydi. Faralar va orqa chiroqlar shaffofligi va yorqinligi bilan farq qilsa, ularning almashtirilganini anglash mumkin. Hatto kichik avariyada ham optika va uning mahkamlash joylari zarar ko‘radi. E’tiborga olish kerak bo‘lgan jihat shundaki, aerografiya, plyonka yoki polimer qoplama kuzovning haqiqiy holatini baholashga xalaqit berishi mumkin.

Salon va bagajni tekshirish. Salon ichida o‘rindiq g‘iloflari va rul qoplamalarini yechib ko‘rish maqsadga muvofiq. Tugmalar, kalit va start tugmasi atrofida ko‘plab tirnalishlar bo‘lsa, mashina faol ishlatilgan. Rul va uzatmalar qutisi dastagi qoplamasining yeyilishi yurilgan masofa yuqori ekanini ko‘rsatadi. Pedallardagi metall qismi ochilib qolgan bo‘lsa yoki pol qismida oyoq izidan teshik paydo bo‘lgan bo‘lsa, «probeg» juda katta bo‘lishi mumkin.

Foto: Kolesa.kz

Haydovchi o‘rindig‘i yon qismi va tirsak qo‘ygichning ezilganligi mashinaning intensiv ishlatilganidan darak beradi. Asboblar panelida xavfsizlik yostig‘i ochilgan joy ta’mirlangan bo‘lsa, yaxshi yorug‘likda bilinadi. Ruldagi airbag qismi payvand yoki yelimlangan bo‘lishi mumkin. Tom qoplamasining qiyshayishi yoki ustun plastiklarining notekisligi yon pardoz xavfsizlik yostiqlari ochilganini bildiradi. Xavfsizlik kamarlari erkin tortilib qaytishi va keskin tortilganda bloklanishi kerak. Aks holda ular avariyada ishlagan bo‘lishi mumkin.

Bagaj polini ko‘tarib ko‘rish orqali ta’mir izlarini aniqlash mumkin. Statistik jihatdan ko‘plab avariyalar orqa qismga to‘g‘ri keladi. Zaxira g‘ildirak joyida zang bo‘lsa, bu suv kirganidan yoki zarbadan dalolat beradi. Kontakt yoqilganda panelda xavfsizlik yostig‘i belgisi yonib, so‘ng o‘chishi kerak. Doimiy yonib turishi yoki umuman yonmasligi ham muammo alomati.

Haqiqiy probegni aniqlash. Odometr ko‘rsatkichiga to‘liq ishonish mumkin emas. Ko‘pgina avtomobillarda ma’lumot bir nechta elektron blokda saqlanadi. Ayrim nemis modellarda hatto kalit ichida ham probeg yozuvi mavjud bo‘ladi. Buni tekshirish uchun professional diagnostika uskunasi talab etiladi. Oddiy OBD skaner orqali ham xavfsizlik yostiqlari ishlagan-yo‘qligini va ayrim xatoliklarni aniqlash mumkin. Raz’yom odatda salon ichida, panel ostida joylashgan bo‘ladi.

Foto: Kolesa.kz

Avtomobilni birinchi ko‘rikdan o‘tkazishda shoshilmaslik kerak. Har bir detalni sinchiklab tekshirish kelajakdagi katta xarajat va xavflarning oldini oladi. Tashqi ko‘rinishdan ko‘ra, yashirin belgilar ko‘proq ma’lumot beradi. Oqartirilgan salon yoki yaltiroq kuzov ortida jiddiy muammo yashiringan bo‘lishi mumkin.

Test-drayv. Qisqa masofada bo‘lsa ham haydab ko‘ring. Uzatmalar almashuvi, tormozlar va rul reaksiyasi tabiiy bo‘lishi kerak. Mashina yon tomonga tortmasligi muhim.

Mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazish

Agar ishonchingiz to‘liq bo‘lmasa, servis yoki diagnostika markaziga murojaat qiling. Kompyuter diagnostikasi yashirin xatoliklarni aniqlab beradi. Bu xarajat keyinchalik yuzaga keladigan katta ta’mirlardan arzonroq tushadi.

Avtomobil xaridi sabr va e’tibor talab qiladi. Hujjatlarni tekshirmasdan, pulni shoshilib bermasdan va birinchi ko‘rikni puxta o‘tkazmasdan bitim tuzish tavsiya etilmaydi. To‘g‘ri yondashuv sizni ortiqcha xarajat, asab va vaqt yo‘qotishdan saqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet avtomobillariga dvigatel moyini qanday tanlash kerakligi haqida ma’lumot berilgandi.

Shuningdek