
O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportchilari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida «Tino Agro Narpay» MChJ rahbari Ahror Abdujalilov an’anaviy bozor hisoblangan Rossiya va MDH davlatlaridagi vaziyat tufayli eksport hajmi kamayayotganini ta’kidladi. Tadbirkor Yevropa Ittifoqi va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga chiqishda transport xarajatlari yuqoriligi va O‘zbekistonning dengiz yo‘llaridan uzoqda joylashgani raqobatga to‘sqinlik qilayotganini aytib o‘tdi.
«Ushbu bozorlarga kirib olish uchun transportda subsidiya berish masalasida yordam so‘raymiz», — dedi eksportchi.
Jamshid Xodjayev ushbu taklifga javoban, transport xarajatlarini davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoplab berish Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalariga va haqqoniy raqobat tamoyillariga zid ekanligini tushuntirdi. Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, O‘zbekiston ayni damda JSTga a’zo bo‘lish jarayonida va shu sababli taqiqlangan subsidiyalardan foydalanish maqsadga muvofiq emas.
Hukumat hozirda eksportyorlar va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning xalqaro normalarga mos keluvchi yangi mexanizmlari ustida ishlamoqda. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, prezident topshirig‘iga asosan tayyorlanayotgan qaror loyihasi Jahon savdo tashkiloti talablariga va xalqaro raqobat me’yorlariga to‘liq mos keladi.
«Ayniqsa, oziq-ovqat yo‘nalishidagi ishlab chiqaruvchilar uchun xalqaro qoidalarga to‘g‘ri keladigan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi», — dedi Xodjayev.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda O‘zbekiston eksporti 24 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.