Fond bozori: «Ipoteka-bank» aksiyalari 37 foizga o‘sdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 6-fevraldan 13-fevralgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 2,49 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Ipoteka-bank»ning imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 37,57 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Biznesni rivojlantirish banki» (+13,40%) va «Dori-darmon» (+12,83%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Trastbank» aksiyalari 7,22 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «O‘zsanoatqurilishbank» (-7,19%) va «Garant bank» (-6,67%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Ipoteka-bank» va «Aloqabank»ning oddiy aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.
Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» (1 428 ta), «O‘zRTXB» (878 ta) va «Uzbekinvest» (758 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zbektelekom» (4,55 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (1,12 mlrd so‘m) va «O‘zsanoatqurilishbank» (294,22 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 17 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz, 10 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 12,14 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yanvar oyida qaysi kompaniya aksiyalari eng yuqori o‘sishga erishgani haqida ma’lumot berilgandi. Oy yakunlariga ko‘ra, aksiyalar savdosining umumiy hajmi 14,73 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu davrda jami 66,9 mingta bitim tuzildi.