Yangiliklar

Navoiyda «Qadimiy Karmana» turistik markazi tashkil etiladi

«Yangi avlod» istirohat bog‘i va «Karmana dehqon bozori» bilan uyg‘un holda
Navoiyda «Qadimiy Karmana» turistik markazi tashkil etiladi
Foto: Uzbekistan travel

Navoiyda «Qadimiy Karmana» turistik markazi tashkil etiladi. Prezident qarori bilan 2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi.

Qarorga ko‘ra, viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini o‘rtacha 7,9 foizga oshirish rejalashtirilgan. Sanoat ishlab chiqarishi 7,8 foizga, bozor xizmatlari 15,6 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 5,7 foizga o‘sishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, viloyatni kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirish, aholi daromadlarini barqaror oshirish vazifasi qo‘yildi. 4,5 ming nafar fuqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi.

Karmana ko‘chasini renovatsiya qilish orqali uni milliy uslubdagi madaniy, turizm va xizmat ko‘rsatish markaziga aylantirish rejalashtirilgan. Qosim Shayx xonaqohi va Mirsaid Bahrom tarixiy ziyoratgohlari restavratsiya qilinib, o‘zaro bog‘lanadi.

Bundan tashqari, «Yangi avlod» istirohat bog‘i va «Karmana dehqon bozori» bilan uyg‘un holda «Qadimiy Karmana» turistik markazi tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda Navoiy viloyatida 72 yangi turistik obyekt ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, joriy yilda Navoiy viloyatiga 600 ming xorijiy va 3 mln mahalliy sayyohni jalb qilish rejalashtirilgan.