
New York City shahridagi Same Same vino bari bir necha kunga noodatiy formatga o‘tdi. Bu yerda tashrif buyuruvchilar o‘zlarining sun’iy intellekt (SI) hamrohlari bilan uchrashuv o‘tkazishlari mumkin bo‘ldi. Bu haqda New York Post xabar berdi.
Loyiha Eva AI ilovasi tomonidan amalga oshirildi. Kafedagi stolchalarga telefon va planshetlar uchun maxsus tagliklar o‘rnatilib, mehmonlar virtual hamrohlari bilan qulay muloqot qilishi uchun sharoit yaratildi.

Ochilish kunida tashrif buyuruvchilarning aksariyati jurnalistlar, blogerlar va texnologiyaga qiziquvchilar bo‘lgan. Oddiy mehmonlar esa nisbatan kam kelgan.
Eva AI vakili Juliya Momblatning aytishicha, loyiha odamlar uchun SI-hamroh bilan real hayotda uchrashuv tajribasini sinab ko‘rish imkonini berish va bunday munosabatlarga nisbatan mavjud stereotiplarni kamaytirishni maqsad qilgan. Uning ta’kidlashicha, ilova real munosabatlarning o‘rnini bosmaydi, balki insonlarga yolg‘izlik davrida yoki haqiqiy uchrashuvlar oldidan mashq sifatida xizmat qiladi.
Kompaniya kelajakda shunga o‘xshash SI-kafelarni boshqa shaharlarda ham tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan SI eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan 40 ta kasb e’lon qilingani haqida yozgandi.