
O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar orasida 100 ming so‘mlik banknot eng ko‘p ishlatilayotgan kupyura bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar hajmi 68 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi davrga nisbatan 15 trillion so‘mga ko‘pdir. 2025-yil davomida Markaziy bank tomonidan 16,8 trillion so‘mlik qo‘shimcha naqd pullar muomalaga chiqarilgan. Natijada umumiy pul massasida naqd pullar ulushi 18,1 foizni tashkil etdi (2024-yilda — 19,2 foiz).
Banklar orqali naqd pul aylanmasi oshdi
2025-yilda banklar orqali o‘tgan naqd pul aylanmasi 1 250 trillion so‘mga yetib, 2024-yilga nisbatan 24 foizga oshgan. Shundan 615 trillion so‘m banklarga tushum, 635 trillion so‘m esa chiqim sifatida qayd etilgan.
Bank kassalari va bankomatlar orqali berilgan naqd pullar hajmi 125 trillion so‘mga ko‘paygan. Bu asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmi 54 trillion so‘mga oshgani hamda aholiga xorijiy valyuta sotib olish uchun berilgan naqd mablag‘lar 27 trillion so‘mga ko‘paygani bilan izohlanadi. 2025-yilda bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar hajmi 1,4 barobarga o‘sdi va 279 trillion so‘m mablag‘ naqdlashtirib olingan.
Qaysi kupyuralar ommabop?
2025-yil davomida muomalaga qo‘shimcha 262 million dona banknot chiqarilib, umumiy naqd pullar soni 2,44 milliard donadan oshdi.
Naqd pullar tarkibida:
- 100 ming so‘mlik banknotlar ulushi 36,4 foizni tashkil etib, eng ommabop kupyura bo‘lib qolmoqda;
- 200 ming so‘mlik banknotlar ulushi 28,5 foizga yetgan;
- 50 ming so‘mliklar ulushi 18,2 foiz;
- 20 ming so‘mliklar 7,1 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, kichik nominaldagi banknot va tangalar ulushi qisqarishda davom etmoqda. Umuman olganda, yirik nominaldagi banknotlar naqd pullar tarkibining 83,1 foizini egallagan.
Markaziy bank eski namunadagi banknotlarni bosqichma-bosqich muomaladan chiqarib, ularni yangilari bilan almashtirish choralarini ham davom ettirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya Markaziy banki yangilangan 1000 rubllik banknotani taqdim etgani haqida yozgandi.