
O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazo kuchaytirilishi, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tasdiqlagan 2026-yil uchun mo‘ljallangan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» davlat dasturida keltirilgan.
23-yanvar – 1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi. Oliygohlar va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari oʻtkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-oʻqituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qoʻshimcha tashabbuslar bildirildi.
Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, davlat dasturi loyihasiga kiritildi. Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda xalq vakillari hayʼati ishtirokini yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslar qoʻllab quvvatlandi.

Bu dasturlarda «hujjat ishlab chiqish»dan «natijaga erishish» tamoyiliga o‘tilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga mo‘ljallangan ijro natijalari bo‘yicha KPI belgilangan. Dasturlar to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan mas’ul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.
Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. Joriy yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion so‘m ajratilishi va $50,4 milliard mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy prezidentga axborot kiritib boriladi.
Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan mas’ullar har chorakda ijro holati yuzasidan prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qat’iy nazoratga olish uchun mas’ul bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etishi kutilayotgani haqida yozgandi.