Portugaliyada 16 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlar cheklanadi

Portugaliya parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, 16 yosh mustaqil ravishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal raqamli yosh etib belgilanadi. 13 – 16 yosh oralig‘idagi bolalar esa faqat ota-onasi yoki qonuniy vasiysining aniq va tasdiqlangan roziligi bilan platformalardan foydalanishi mumkin. 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa bunday xizmatlarga kirish to‘liq taqiqlanadi.
Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok kabi ijtimoiy tarmoqlarga tatbiq etiladi. Biroq ko‘plab ota-onalar farzandlari bilan muloqot qilishda foydalanadigan WhatsApp ushbu cheklovlardan mustasno bo‘ladi.
Qonun loyihasida, shuningdek, 13 – 16 yoshdagi foydalanuvchilar uchun maxsus yoshni tasdiqlovchi mexanizmlar joriy etilishi, platformalar esa zo‘ravonlik, erta yoshdagi nomaqbul kontent va qaramlikka olib keluvchi funksiyalarni cheklashi shartligi belgilangan.
Muxolifat partiyalari esa qonunni qo‘llash mexanizmlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va yoshlarning VPN orqali cheklovlarni chetlab o‘tishi mumkinligi borasida xavotir bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.