
Pew Research Center ma’lumotlariga ko‘ra, aholisi eng ko‘p bo‘lgan ayrim davlatlarda fuqarolarning sezilarli qismi tashqi yordam bo‘lmasa, muntazam ravishda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga qiynaladi. Bu ro‘yxatda Indoneziya yetakchilik qilmoqda.
Mamlakat aholining qariyb uchdan bir qismi, ya’ni 82 mln kishi oziq-ovqat yordami oladi. Hukumat qashshoqlikni kamaytirish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini narxlar o‘sishidan himoya qilish maqsadida keng ko‘lamli oziq-ovqat subsidiyalari hamda maktab ovqatlanish dasturlarini kengaytirgan.
Ko‘plab davlatlar oziq-ovqat inqirozi siyosiy beqarorlikka aylanib ketmasligi uchun ommaviy tarqatish tizimlaridan faolroq foydalanmoqda. Bular qatoriga AQSh va Afrika mamlakatlari ham kiradi. Masalan, Nigeriyaning mazkur ro‘yxatdagi o‘rni oziq-ovqat xavfsizligining yomonlashuvi bilan bog‘liq. Tribune Online Nigeria nashri mamlakatda kuchayib borayotgan oziq-ovqat inqirozi haqida bir necha bor materiallar e’lon qilgan. Ularda mahsulotlar narxining keskin oshishi, qishloq xo‘jaligi hududlaridagi beqarorlik va ovqatlanishni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘layotgan oilalar sonining ortayotgani qayd etilgan.

Baholashlarga ko‘ra, qariyb 20 mln nigeriyalik bepul oziq-ovqat yordami olmoqda. Mamlakat o‘zining eng og‘ir turmush xarajatlari inqirozlaridan birini boshdan kechirmoqda.
Bepul oziq-ovqat dasturlarining kengayishi inflyatsiya, ishsizlik, qurolli mojarolar va ijtimoiy tengsizlikning chuqurlashuvi bilan bog‘liq omillar natijasidir.
Pew Research Center ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiy qiyinchiliklar global miqyosda tobora keskin muammoga aylanmoqda. Tobora ko‘proq odamlar oziq-ovqat kabi eng zarur xarajatlarni qoplashda qiynalayotganini bildirgan. Markaz tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, birlamchi ehtiyoj tovarlari narxining oshishi va iqtisodiy beqarorlik rivojlanayotgan hamda boy mamlakatlarda ham kundalik hayotni belgilab bermoqda.
Avvalroq «Kursiv» Ramazon oyida O‘zbekistonda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari faoliyat yuritishi haqida yozgandi.