
Butun dunyoda har yili yo‘llarda millionlab yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ladi. Ulardan eng ko‘pchiligi Qo‘shma Shtatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda UNECE ma’lumotlarida keltirilgan.
Yetakchilar
AQSh umumiy YTHlar soni bo‘yicha muntazam yetakchi hisoblanadi. UNECE hisobotiga ko‘ra, 2019-yilda u yerda qariyb 1,949 mln ta avariya ro‘yxatga olingan. Bu har 1 mln aholiga 5938 ta YTH to‘g‘ri kelishini anglatadi.
CEOWorld ma’lumotiga ko‘ra, umumiy YTHlar soni bo‘yicha yetakchilar qatoriga Yaponiya 540 ming bilan, Germaniya 300 ming bilan, Turkiya 174 ming bilan va Italiya 172 ming bilan kirgan. Biroq har 1 mln aholiga to‘g‘ri keladigan hodisalar soni bo‘yicha Avstriya Germaniyadan yuqori ko‘rsatkich qayd etgan. Avstriyada bu ko‘rsatkich 4 024 ta, Germaniyada esa 3 612 tani tashkil etgan.
Rossiya bo‘yicha UNECE statistikalarida yangi ma’lumotlar yo‘q. Rossiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2019-yilda mamlakatda jabrlanganlar bilan bog‘liq qariyb 164 mingta YTH qayd etilgan.

Infografikada Hindiston yashil rangda ko‘rsatilgan. Biroq bu davlat yo‘llardagi o‘lim holatlari bo‘yicha muntazam yuqori o‘rinlarda turadi. 2019-yilda Hindistonda 473 mingdan ortiq YTH qayd etilgan. Ularda 154 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Infografika mualliflari UNECE va CEOWorld ma’lumotlaridan foydalangan. Biroq bu manbalar dunyoning barcha davlatlarini qamrab olmaydi. Shuningdek, ma’lumotlarni yig‘ish uslubi ham farq qilishi mumkin.
O‘zbekistonda qanday vaziyat
O‘zbekistonda 2024-yilda yuz bergan 9364 ta YTHda 2203 kishi halok bo‘lgan, 8901 kishi jarohat olgan. 2025-yilda avariyalarda 2188 kishi halok bo‘lgan, 8,9 mingga yaqin odam jarohat olgan. O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 8–9 mingta avariya sodir bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent shahrining Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan YTHda kuryer vafot etgani haqida yozgandi.