Sadir Japarov: Tashiyev davlat xizmatiga qaytmaydi

Sadir Japarov sobiq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev iste’fosi yuzasidan yana bir bor izoh berdi. Bu haqda 24.kg nashri xabar bermoqda. Prezident ular do‘st bo‘lib qolishini, biroq Tashiyev davlat xizmatiga qaytmasligini ta’kidladi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, iste’fodan so‘ng ular shaxsan uchrashgan.
«Biz do‘st bo‘lib qolamiz. Ammo u davlat xizmatiga qaytmaydi. U dam olishi va sog‘lig‘i bilan shug‘ullanishi kerak», — degan prezident.
Davlat rahbari kadrlar bo‘yicha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qilganini bildirdi. Uning aytishicha, bu qarorlar hech qanday kelishuv yoki tashqi bosim bilan bog‘liq emas. Shuningdek, huquq-tartibot tizimidagi islohotlar davom etishini ma’lum qildi.
Japarov mamlakatda to‘ntarish yoki muddatidan oldin saylovlar ehtimolini rad etdi. Unga ko‘ra, vaziyatni beqarorlashtirish uchun asos yo‘q.
Shuningdek, u davlat organlari faoliyatini shaxsan nazorat qilayotganini va yuzaga kelayotgan muammolarga tezkor munosabat bildirayotganini qayd etdi. Prezident barcha islohotlar qonun doirasida davom etishini, vaziyatni izdan chiqarishga urinishlar esa asossiz ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Japarov Qamchibek Tashiyevni nega iste’foga chiqarganini tushuntirgani haqida yozgan edi.