Gadjetlar

Samsung Galaxy S26 Plus sotuvga chiqdi — narx

Soha jargonida bunday nusxalar «yovvoyi» qurilmalar deb ataladi
Foto: Galaxy estates

Internetda Samsung Galaxy S26 Plus smartfoni rasmiy taqdimotdan bir hafta oldin sotuvga qo‘yilgani qayd etildi. Bu haqda Notebookcheck xabar bermoqda. Qurilma $1,6 ming narxda taklif qilingan.

Soha jargonida bunday nusxalar «yovvoyi» qurilmalar deb ataladi. Ular rasmiy sotuv boshlanishidan oldin norasmiy yo‘l bilan bozorga chiqadi. Odatda bunday smartfonlar ishlab chiqarish liniyasi yoki logistika zanjiridagi shaxslardan sizib chiqadi.

$1,6 ming narx Galaxy S Plus seriyasining odatiy boshlang‘ich bahosidan ancha yuqori. Masalan, Samsung Galaxy S24 Plus 2024-yil yanvarda $999 dan start olgan edi. Yangi modelga qo‘yilgan ustama 60 foizdan oshmoqda.

Samsung odatda Galaxy S flagmanlarini har yili yanvarda taqdim etadi. Kompaniya hozircha norasmiy sotuv haqidagi ma’lumotlarga izoh bermagan. Galaxy S26 Plus’ning yakuniy texnik tafsilotlari ham oshkor etilmagan.

Yirik ishlab chiqaruvchilarda flagman smartfonlarning taqdimotdan oldin bozorda paydo bo‘lishi deyarli har yili kuzatiladi. Bunday qurilmani sotib olganlar rasmiy kafolat yo‘qligi va dasturiy cheklovlar xavfini o‘z zimmasiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung galaxy S26 seriyasi oldindan buyurtmaga ochilgani haqida yozgan edi.