
Omdia ma’lumotiga ko‘ra, Samsung Electronics ishlab chiqayotgan yangi maxfiy ekran texnologiyasi kelajakda Apple MacBook noutbuklarida ham qo‘llanishi mumkin.
Mazkur texnologiya dastlab Samsung Galaxy S26 Ultra modelida paydo bo‘lishi kutilmoqda. U Privacy Display deb nomlanadi va ekran yon tomondan qaralganda undagi ma’lumotni yashirish imkonini beradi.
Avvalroq Samsung’ning Shimoliy Amerika bo‘limi ushbu funksiyani namoyish etgan video e’lon qilgan edi. Unda ko‘rinishicha, foydalanuvchi ekran oldida to‘g‘ridan to‘g‘ri turganda tasvir aniq ko‘rinadi, biroq yon tomondan qaralganda kontent deyarli ko‘rinmaydi.
Omdia prognoziga ko‘ra, bu texnologiya 2029-yilgacha Apple MacBook qurilmalarida ham joriy etilishi mumkin. Bu foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga qaratilgan yangi bosqich bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung One UI 8.5 beta-versiyasini qaysi qurilmalarga tayyorlayotgani ma’lum bo‘lgandi. Hozircha ochiq beta-test faqat Galaxy S25 seriyasi uchun mavjud. Ammo kompaniyaning ichki serverlarida 60 dan ortiq qurilmalar uchun tayyor sinov versiyalari aniqlangan.