Avto

«Volga» endi Geely asosida ishlab chiqariladi

Rasmiy bayonot yaqin kunlarda e’lon qilinishi aytilgandi
«Volga» avtomobil olamiga qaytmoqda
Foto: Geely

Rossiyada qayta tiklanayotgan «Volga» brendi avtomobillari endi Geely asosida chiqariladi. Hozircha aynan qaysi modellar ishlab chiqilishi noma’lum.

Hafta boshida «Volga» brendining matbuot xizmati ish boshlagani ma’lum qilingan edi. Rasmiy bayonot yaqin kunlarda e’lon qilinishi aytilgandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi «Volga» modellari Rossiyada yaxshi tanilgan Geely avtomobillari asosida ishlab chiqiladi. Hujjatlar allaqachon rasmiylashtirilgani aytilmoqda.

Birinchi model Volga K50 bo‘lishi kutilmoqda. U Geely Monjaro asosida yaratiladi. Keyingi model Volga C50 bo‘lib, Geely Preface sedani bilan bir platformaga ega bo‘ladi. Uchinchi model esa Geely Atlas kloni bo‘lishi mumkin.

Agar loyiha tasdiqlansa, Rossiyada Geely modellari asosida yig‘iladigan yangi «Volga» avtomobillari yaqin oylar ichida taqdim etilishi ehtimoli bor. 19-fevral ushbu loyiha uchun muhim sana bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volga brendi ostidagi yangi avtomobillar qayerda ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.