
Amerikalik avtomexanik Kris Payl qaysi avtomobil brendlarini yaqinlariga tavsiya qilmasligini aytdi. U fikrlarini GoBankingRates portaliga bildirib o‘tdi.
Mutaxassis avtomobillarning tashqi ko‘rinishi yoki tezligi haqida emas, balki kafolat muddati tugagandan keyingi xizmat ko‘rsatish xarajatlari haqida gapirdi. U tavsiya etmaydigan brendlar qatoriga Volkswagen, Mercedes-Benz, Audi, Mini va Jaguar kiritilgan.
Mexanikning aytishicha, bu mashinalar yomon emas. Muammo ularning murakkab tuzilishi va xizmat ko‘rsatish qimmatligida. Unga ko‘ra, ko‘plab Yevropa avtomobillarida kapot osti juda zich joylashgan. Natijada oddiy ta’mir ishlari ham murakkab jarayonga aylanadi. Ba’zan bitta detalga yetib borish uchun bir nechta boshqa qismlarni yechishga to‘g‘ri keladi.
Bu esa ish vaqtini va xizmat narxini oshiradi. Masalan, Honda avtomobilida 2 soat davom etadigan ish ayrim yevropalik modellarda 5-6 soatga cho‘zilishi mumkin.
Shuningdek, ehtiyot qismlar ham qimmatroq bo‘ladi. Sifatli muqobil detallar kam uchraydi. Ba’zi hollarda maxsus diagnostika uskunalari talab qilinadi va ular faqat rasmiy dilerlarda mavjud bo‘ladi.
Natijada avtomobil egasi rasmiy servisga yoki ixtisoslashgan ustaxonaga bog‘lanib qoladi. Mexanik bu ro‘yxatni «yomon avtomobillar» reytingi sifatida ko‘rmaslikni so‘raydi. Uning fikricha, bu brendlar qulaylik, texnologiya va obro‘ beradi. Biroq oilaviy avtomobil tanlayotganda xarajatlar barqaror va oldindan ma’lum bo‘lishi muhim. Shu sababli u soddaroq va ommabop brendlarni tanlashni maslahat beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hongqi HS7 test-drayv tafsilotlari haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, avtomobil shahar va qorli yo‘llarda sinab ko‘rilgan, biroq hujjatda off-road hamda tezlik poligonida haydashga ruxsat berilmagan.