Avto

Yangi Kia Sportage Ace 5-mart kuni taqdim etiladi: nimalar o‘zgardi

Kia
Yangilanishlar asosan dizayn, interyer va haydovchiga yordam beruvchi tizimlarga qaratilgan
Foto: kianewscenter.com

Kia 2026-yilgi yangilangan Kia Sportage Ace modelining premyerasi 5-mart kuni bo‘lib o‘tadi. Model Xitoydagi zavodda ishlab chiqarila boshlagan. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.

Yangilanishlar asosan dizayn, interyer va haydovchiga yordam beruvchi tizimlarga qaratilgan, dvigatellar esa o‘zgarishsiz qolgan.

Old qismda yangi kunduzgi chiroqlar va yangilangan radiator panjarasi paydo bo‘lgan. Orqa tomonda esa butun kenglik bo‘ylab cho‘zilgan yoritish elementi qo‘llanilgan. Salon ham modernizatsiya qilingan, L2+ darajadagi assistentlar kengaytirilgan. Ular orasida HDA2 avtomagistral yordamchisi va masofadan turib parkovka qilish (RSPA) funksiyasi bor.

Krossover o‘lchamlari o‘zgarmagan: uzunligi 4695 mm, g‘ildirak bazasi 2755 mm. Dvigatellar qatorida 1.5T (147 kVt) va 2.0T (180 kVt) turbomotorlar saqlanib qolgan.

Amaldagi model narxi taxminan $25 mingga teng. Yangilangan model ham o‘rta SUV segmentidagi narx siyosatini saqlab qolishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Tracker 2026 sotuvga chiqqani haqida yozgandi.