Avto

Yanvarda yengil avtomobillar savdosi 7,2 foizga oshdi

Elektromobillar savdosi 9 foizga ko‘paydi
Foto: e-cis.info

2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga oshib, 28,6 ming donani tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumot berdi.

Hududlar kesimida eng yuqori faollik Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan yangi yengil avtomobillar sotuvi Samarqand va Xorazm viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida kamaydi.

Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida sotuvlar o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 11 foizdan ortiq o‘sib, 24 ming donadan ziyodni tashkil etdi.

Ayni paytda xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar realizatsiyasi qariyb 4,4 ming donani tashkil qilib, o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 10 foizga kamaydi.

Elektromobillar bozor o‘sishining asosiy drayveriga aylandi

Onix
Foto: Kursiv Uzbekistan

Yanvar oyida elektromobillar savdosi 9 foizga oshib, 6,1 ming donani tashkil etdi. Hududiy kesimda o‘tgan oydagi sotuvlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 3,7 mingta elektromobil sotilib, jami hajmning 62 foizdan ortig‘ini tashkil etdi.

Keyingi o‘rinlarda Samarqand (3,5 barobar), Namangan (2,4 barobar), Surxondaryo (5 barobar) hamda Xorazm (3 barobar) viloyatlari qayd etildi. Shu bilan birga, elektromobillarning birlamchi bozori rekord darajada 45,3 foizga o‘sib, 4,7 mingta elektromobilni tashkil etdi.

Avvalroq «Kursiv» 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi birlamchi avtomobil bozori holati yuzasidan ma’lumot bergandi.