Avto

Arkadag‘ budjetining 11 foizi: Berdimuhamedov garajida qanday avtomobillar bor

Kolleksiyaning asosiy qismini oq rangdagi avtomobillar tashkil etadi
Arkadag‘ budjetining 11 foizi: Berdimuhamedov garajida qaysi avtomobillar bor
Foto: motor.ru

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning avtomobillar kolleksiyasi ko‘lami bilan e’tibor tortadi. Motor.ru ma’lumotiga ko‘ra, uning garaji noyob giperkarlardan tortib, zirhli limuzinlargacha bo‘lgan mashinalarni o‘z ichiga olgan muzeyni eslatadi.

Kursiv Avto tahliliga ko‘ra, ushbu avtoparkning taxminiy qiymati 2026-yilda Arkadag‘ yillik budjetining qariyb 11 foiziga teng. Kolleksiyaning asosiy qismini oq rangdagi avtomobillar tashkil etadi.

Maybach 57 / Foto: Motor.ru

Berdimuhamedovning sevimli rangi aynan oq ekani aytiladi. Eng e’tiborga molik modellardan biri oq oltin bezakli Maybach 57S limuzini. Shuningdek, Rossiyada ishlab chiqarilgan zirhli Aurus Senat Limousine ham kolleksiyadan joy olgan. Paradlar uchun oq rangdagi Mercedes G-Class Cabrio ham ishlatiladi. Rasmiy tashriflar paytida Lincoln Navigator va maxsus jihozlangan Volkswagen Phaeton’dan ham foydalaniladi.

Volksawagen Phaeton / Videodan kadr

Berdimuhamedov avtosportga ham qiziqishi bilan tanilgan. Uning garajida 1001 ot kuchiga ega Bugatti Veyron giperkari bor. Shuningdek, Nissan 370Z va BMW 3 Series avtomobillarida u drift mahoratini namoyish qilgani aytiladi. Kolleksiyada sovet davrining ramziy modeli bo‘lgan GAZ-21 «Volga» ham mavjud.

2026-yil uchun Arkadag‘ shahrining yillik budjeti 256,9 mln manat yoki taxminan $73,4 mln etib tasdiqlangan. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, sanab o‘tilgan avtomobillarning umumiy qiymati qariyb 28 mln manat yoki $8 mln atrofida. Shunday qilib, atigi o‘nlab mashina butun bir «aqlli shahar» budjetining 11 foiziga teng ekani qayd etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-yil 1-sentabrdan elektromobillarni sotib olish uchun 16 foizgacha stavkada bank avtokreditlari berilishi haqida xabar qilingandi. Ushbu avtokreditlar birinchi bosqichda aholiga 15 mingta elektromobil uchun taqdim qilinadi.