Yangiliklar

Buyuk Britaniya ham 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda

Sun’iy intellekt chatbotlariga ham cheklov joriy etilishi mumkin
Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni tez orada taqiqlashi mumkin. Bu haqda hukumat vakillari bayonot berdi.

Bosh vazir Keir Starmer hukumati o‘tgan oy bolalar uchun Avstraliya uslubidagi taqiq bo‘yicha maslahatlashuv jarayonini boshlagan edi. Endi esa qonunchilikka o‘zgartirish kiritilib, yakuniy qaror qabul qilingach, bir necha oy ichida yangi cheklovlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Sun’iy intellekt chatbotlariga ham cheklov

Texnologiyalar vaziri Liz Kendallning aytishicha, 2023-yilda qabul qilingan Onlayn xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunda sun’iy intellekt chatbotlari bilan birma-bir muloqotlar to‘liq qamrab olinmagan. Hukumat ushbu bo‘shliqni yopishni rejalashtirmoqda.

Masala Ilon Maskga tegishli Grok nomli sun’iy intellekt chatboti atrofidagi mojaro ortidan yanada dolzarblashdi. Xabarlarga ko‘ra, mazkur tizim ayrim hollarda roziliksiz intim tasvirlar yaratgani aniqlangan.

Kendallning ta’kidlashicha, ayrim bolalar bolalar xavfsizligi talablariga mos ishlab chiqilmagan SI tizimlari bilan yaqin muloqot o‘rnatmoqda. Hukumat iyun oyigacha aniq takliflarini e’lon qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, hukumat bola vafot etgan holatlarda onlayn ma’lumotlarni avtomatik saqlab qolish tartibini joriy etish, o‘yin pristavkalarida begona juftlashtirish funksiyalarini cheklash hamda intim tasvirlarni yuborish va qabul qilishni bloklash vakolatlarini kengaytirishni ham ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Portugaliyada 16 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi haqida yozgandi.