
Bugun, 17-fevral kuni Hilola Umarova maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
U 2025-yil iyul oyidan buyon Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi. 2026-yil 16-fevral kuni mazkur lavozimdan ozod etildi. Uning o‘rnini pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Ilhom Sirojev egalladi.
Hilola Umarova 1988-yil 9-avgustda Germaniyaning Vaymer shahrida tug‘ilgan. 2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bakalavriat bosqichini, 2013-yilda esa magistratura bosqichini tamomlagan.
Faoliyati davomida Toshkent shahridagi Inha universitetida faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha bosh menejer lavozimida ishlagan. 2020-yil oktabr oyida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga rahbar etib tayinlangan.
U 2022-yil dekabridan maktabgacha va maktab ta’limi vaziri sifatida faoliyat yuritgan. 2025-yil iyul oyida esa Prezident farmoni bilan Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga direktor tayinlangani haqida yozgandi.