
Volkswagen kompaniyasi ikki milliondan ortiq avtomobillar Car2X texnologiyasi bilan jihozlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Tarantas News xabar berdi.
Ushbu tizim avtomobillar o‘rtasida hamda yo‘l infratuzilmasi bilan real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkonini beradi va haydovchilarni potensial xavflar haqida oldindan ogohlantiradi.
Car2X qanday ishlaydi
Car2X mobil aloqa tarmog‘isiz ishlaydi – u Wi-Fi standartidan foydalanadi. Signal uzatish radiusi 800 metrgacha yetadi, ma’lumot almashish esa millisekundlar ichida amalga oshadi. Natijada avtomobil oldinda keskin tormoz berilganini, tirbandlik yuzaga kelganini yoki maxsus xizmat transporti yaqinlashayotganini deyarli bir zumda bilib oladi.
Tizim nafaqat boshqa mashinalar, balki aqlli yo‘l obyektlari bilan ham o‘zaro ishlaydi. Masalan, Germaniyada mingga yaqin yo‘l-ta’mirlash tirkamalari Car2X bilan jihozlangan, Avstriya avtomagistrallarida ham maxsus uzatish bloklari o‘rnatilgan. Tizim qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan transport, og‘ir ob-havo sharoiti, yo‘lda odamlar, hayvonlar yoki buyumlar paydo bo‘lishi haqida ham ogohlantirishi mumkin.
Qaysi modellarda mavjud
Car2X qator modellarda standart yoki qo‘shimcha uskuna sifatida taqdim etiladi. Ular orasida Volkswagen Golf, Volkswagen T-Roc, Volkswagen Tiguan va Volkswagen Passat bor. Shuningdek, kompaniyaning elektromobillari — Volkswagen ID.3, Volkswagen ID.4, Volkswagen ID.5 hamda Volkswagen ID.7 ham ushbu tizim bilan jihozlanmoqda.
Agar avtomobil adaptiv kruiz-nazorat va Travel Assist kabi haydovchi yordam tizimlariga ega bo‘lsa, u oldinda tirbandlik aniqlanganda tezlikni avtomatik ravishda pasaytirishi mumkin.
Xavfsizlikda yangi bosqich
Ma’lumot almashinuvi standartlashtirilgan va anonim tarzda amalga oshiriladi, bu esa turli ishlab chiqaruvchilarning avtomobillari o‘zaro muloqot qilishi mumkinligini anglatadi. Kelgusida tizimga mototsikllar, yuk mashinalari, avtobuslar va hatto velosipedlarni ulash rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday texnologiyalar Yevropa yo‘llarida xavfsizlik standartlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Avtomobillar endi nafaqat yo‘lni «ko‘radi», balki bir-biri bilan «gaplashib», xavfni oldindan sezishga qodir bo‘lib bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Volkswagen Tiguan L ePro gibrid krossoveri kam yoqilg‘i sarfi bilan taqdim etilgani haqida yozgandi.