
Shavkat Mirziyoyev ipakchilik va pillachilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sohadagi muammolar va imkoniyatlar
Mamlakatda ipakchilik aholini daromadli ish bilan ta’minlash, qishloq joylarda bandlikni oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, ozuqa bazasidan tortib pillani chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonlardagi muammolar soha imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi.
Xususan, ipak qurti urug‘ining katta qismi import hisobiga to‘g‘ri keladi. Mahalliy urug‘dan foydalanish darajasini 2030-yilgacha 75 foizga yetkazish mumkinligi, buning uchun naslli urug‘chilik stansiyalari faoliyatini tiklash zarurligi ta’kidlandi.
Yangi korxonalar va urug‘chilik tizimi
Taqdimotda Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi naslli urug‘chilik stansiyalarida elita urug‘lar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejalari ma’lum qilindi. Shuningdek, mavjud 10 ta urug‘chilik korxonasiga qo‘shimcha ravishda joriy yilda Buxoro va Namanganda 2 ta yangi, 2027–2029-yillarda Toshkent, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda yana 4 ta yangi korxona tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Naslchilik va urug‘chilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, mavsumiy ishchilar mehnatiga haq to‘lash xarajatining yarmini qoplash hamda bu faoliyatni soliq obyektiga kiritmaslik taklif etildi.
Ozuqa bazasini kengaytirish
Pilla sifatini oshirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash zarurligi qayd etildi. 2026–2030-yillarda 8 ming gektarda yangi tutzorlar barpo etish, 41,5 ming gektarda yakka qator tut ko‘chatlari ekish va 15 ming gektardagi tutzorlarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Natijada 2030-yilgacha 200 mln tup tut ko‘chati ekilib, ozuqa bazasi 30 foizga oshishi kutilmoqda.
Pilla yetishtirish hajmini ozuqa bazasi asosida prognozlash rejalashtirilgan bo‘lib, 2026-yilda 30 ming tonna, 2030-yilga borib 36 ming tonna pilla yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Yangi boshqaruv tizimi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Sohada ishlar yangi tizim asosida tashkil etiladi. O‘zbekipaksanoat uyushmasi, hududiy «Agropilla» tuzilmalari va klasterlar yangi tutzorlarni barpo etishdan tortib pillani xarid qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni muvofiqlashtiradi.
Kam daromadli oilalarni pillachilikka jalb etish uchun joriy yildan boshlab «mahalla yettiligi» orqali 1 kg pilla qiymatining 35 foizi miqdorida subsidiya, shuningdek, jihozlar xaridi uchun 20 mln so‘mgacha ssuda ajratish belgilandi.
Sanoat usuli va eksportni oshirish
Pillachilikda sanoat usulini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Maxsus qurtxonalar tashkil etish orqali hajm va sifat barqarorligini ta’minlash rejalashtirilmoqda. Klasterlar tomonidan qurtxonalar qurilishi rag‘batlantirilib, ular 2029-yil 1-yanvargacha yer va mol-mulk solig‘idan ozod etilishi taklif qilindi.
Mahalliy pillani chuqur qayta ishlash ulushi pastligi qayd etilib, sifatni oshirish hisobiga eksport tushumlarini $250 mlngacha yetkazish mumkinligi bildirildi. 2030-yilgacha qiymati $200 mlnlik 21 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali 3 ming tonna xom ipakni qayta ishlash va 18,5 mln pogon metr ipak mato ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi.