Yangiliklar

Kreativ iqtisodiyot 2030-yilgacha YIMning 5 foiziga yetkaziladi

Bu 145 trln so‘m hajmni anglatadi
Kreativ iqtisodiyot 2030-yilgacha YAIMning 5 foiziga yetkaziladi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyot 2030-yilgacha YIMning 5 foiziga yetkaziladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori imzolandi. Bu 145 trln so‘m hajmni anglatadi.

Shuningdek, kreativ industriya mahsulotlari va xizmatlari eksporti $1 mlrddan oshiriladi. Sohada amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Hujjatda 2026 – 2027-yillarda Kreativ industriya parki infratuzilmasini bosqichma-bosqich tashkil etish nazarda tutilgan. Birinchi bosqichda loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Park hududida sayr qilish va hordiq chiqarish uchun yashil bog‘ barpo etiladi. Unda art-obyektlar va monumental san’at asarlari joylashtiriladi. Shuningdek, raqamli dizayn va dasturlash yo‘nalishida nufuzli xalqaro maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Loyiha doirasida buk-kafe, sport va workout maydonchalari, mehmonxona ham tashkil etiladi. Bundan tashqari, badiiy ijodkorlar pavilyoni, kreativ ustaxonalar, ekologik ofis xonalari va kovorking markazi barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yilda Navoiyda 40 ta mahalla ixtisoslashtirilishi haqida yozgan edi.