
Elit Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining 8-turi doirasida O‘zbekistonning «Nasaf» jamoasi BAAda «Sharja» klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Mazkur g‘alaba qarshiliklar uchun joriy xalqaro mavsumdagi birinchi va yagona muvaffaqiyat bo‘ldi.

Uchrashuvning 30-daqiqasida Bobur Abdixoliqov raqib darvozasini ishg‘ol qilib, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Bahsning 80-daqiqasida mezbonlar vakili Kaio penaltini aniq amalga oshirib, muvozanatni tiklagan bo‘lsa-da, 87-daqiqada Diyorbek Abdunazarov qarshiliklarning g‘alaba goliga mualliflik qildi.
«Nasaf» klubi Elit Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida o‘tkazilgan 8 ta uchrashuvda 6 ta mag‘lubiyat, 1 ta durang va 1 ta g‘alaba qayd etdi. Jamoa jami 4 ochko jamg‘argan holda guruhda so‘nggi, 12-o‘rinni band etdi.
Guruh jadvalining yuqori qismida Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi mutlaq yetakchilik qildi. Ar-riyodliklar 8 ta o‘yinda umuman mag‘lubiyatga uchramay, 22 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, «Nasaf» uchun ushbu turnirdagi ishtirok yakunlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Elite OChLda «Nasaf» ilk ochkosini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.