O‘zbekistonda «Kasblar shaharchalari» tashkil etiladi

O‘zbekistondagi 7 ta hududda «Kasblar shaharchalari» tashkil etiladi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
Farmonga ko‘ra, mahallani rivojlantirish bo‘yicha ham ustuvor islohotlarning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- Mahallalarda 10 mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish;
- Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirib, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish.
Shuningdek, kasblarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar ham belgilandi. Unga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab 7 ta hududdagi ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarida «Kasblar shaharchalari»ni tashkil etish va ular orqali maktab o‘quvchilarini zamonaviy kasblarga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, kelasi o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya to‘lash amaliyoti joriy etiladi. Hududlarda 24 ta malakani baholash markazlarini tashkil etib, mehnat bozorida tan olinadigan sertifikat berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xalqaro dasturlar joriy etilgan texnikumlar xodimlariga 100 foizlik ustama belgilanishi haqida yozgandi.