
2025-yilda naqd pul va terminal orqali umumiy pul tushumlari 1,1 kvadrillion so‘mni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 28 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
2024-yilda tushumlar 840 trln so‘mni, 2023-yilda esa 669 trln so‘mni tashkil etgan. Joriy yilda banklarga umumiy pul tushumlarida terminal (shu jumladan, mobil ilovalar) orqali tushumlar ulushi 2024-yildagi 40 foizdan 2025-yilda 43 foizga o‘sishi kuzatildi. Savdo va xizmatlar sohasida terminal tushumlari (shu jumladan, mobil ilova orqali to‘lovlar) salmog‘i o‘tgan yildagi 44 foizdan 48 foizga yetdi.

2025-yilda banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 1,25 kvadrillion so‘mni (naqd pul tushumlari — 615 trln so‘m, berilgan naqd pullar — 635 trln so‘m) tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 24 foizga oshdi. Jumladan, banklarga naqd pul tushumlari oldingi yilga nisbatan 114 trln so‘mga yoki 23 foizga o‘sdi. Xususan, bank xizmatlaridan (omonatlar, kredit qaytarilishi, xorijiy valyutalarni sotishdan tushumlar) naqd pul tushumlari 60 trln so‘mga, savdo tushumlari 25 trln so‘mga va pullik xizmatlardan tushumlar 16 trln so‘mga ko‘p bo‘ldi.

2025-yilda bank kassalari (shu jumladan, bankomatlar)dan jami berilgan naqd pullar 2024-yilga nisbatan 125 trln so‘mga yoki 25 foizga oshdi. Mazkur holat asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 54 trln so‘mga, banklar tomonidan aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun berilgan naqd pullar hajmining 27 trln so‘mga hamda aholining omonat hisobvaraqlaridan naqd pul yechishi 18 trln so‘mga o‘sishi hisobiga yuzaga keldi.


O‘tgan yilda bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar hajmi 2024-yilga nisbatan 1,4 barobarga oshishi (1,5 kvadrillion so‘m) asosan aholi daromadlarining o‘sishi bilan izohlanadi. Ushbu davrda bank kartalaridagi 279 trln so‘m mablag‘lar naqdlashtirib olingan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar orasida 100 ming so‘mlik banknot eng ko‘p ishlatilayotgan kupyura bo‘lib qolayotgani haqida yozgandi.