Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda gaz chaqnashi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan ko‘p qavatli uyda gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 16-fevral kuni soat 21:18 da shaharning «Muqimiy» ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Hodisa ortidan yong‘in yuzaga kelgan.
Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga 7 daqiqa ichida yetib borib, yong‘inni qisqa fursatda bartaraf etgan. Hodisa natijasida 4 nafar fuqaro turli darajada kuyish jarohatlari olgan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, jabrlanganlardan 1 nafari vafot etgan.
Ayni paytda hodisa sabablari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Angrendagi ko‘p qavatli uydagi yong‘inda ham bir kishi halok bo‘lgan edi.