
O‘zbekiston musulmonlari idorasi 1447-hijriy yil, 2026-milodiy yil uchun Ramazon taqvimini e’lon qildi. Taqvimda Toshkent vaqti bilan saharlik va iftorlik soatlari ko‘rsatilgan.

Hududlar kesimida saharlik va iftorlik vaqtlaridagi farqni @fatvouz_taqvim_bot telegram boti orqali aniqlash mumkin. Bot orqali yashash hududingizni tanlab, aniq vaqtlarni bilish imkoni mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Ramazonda ehtiyojmand aholiga 1 trillion so‘mdan ortiq yordam puli ajratiladi. Bu mablag‘lar orqali ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlari qoplanadi.
Shuningdek, 18-fevraldan boshlab respublika bo‘ylab 2 mingdan ortiq masjidlarda taroveh namozlari o‘qiladi. Unga ko‘ra, namozlar har kuni soat 20:30 dan keyin boshlanadi. Taxminan 1 millionga yaqin fuqarolar har kuni taroveh namozlarida ishtirok etishi kutilmoqda.
Bunda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash uchun 2,5 mingga yaqin Yo‘l patrul xizmati xodimlari xizmat olib boradi. Ayrim masjidlar joylashgan ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi, kirish joylariga maxsus to‘siqlar o‘rnatiladi hamda 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etiladi.