Yangiliklar

Raqobat qo‘mitasi Ramazon oyidagi «aksiya setlar» yuzasidan kafe va restoranlarni ogohlantirdi

Umumiy ovqatlanish korxonalari minimal narx belgilab, boshqa tanlov bermayotgani qayd etildi
Navoiyda o‘zbek tilida taomnomasi bo‘lmagan ovqatlanish maskaniga ish qo‘zg‘atildi
Foto: rilueda / depositphotos

Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalariga eslatma berdi. Xususan, ayrim kafe, restoran va oshxonalar Ramazon oyida «aksiya setlar»ni majburiy tarzda taklif qilayotgani, minimal narx belgilab, boshqa tanlov bermayotgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, bu holatlar iste’molchilarning erkin tanlov huquqini cheklashi mumkin. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, xaridor tovar va xizmatni erkin tanlash huquqiga ega. Sotuvchi esa qo‘shimcha mahsulot yoki xizmatni majburan sotishga haqli emas.

Shu bois, umumiy ovqatlanish korxonalari mijozlarni majburiy «set» xarid qilishga undamasligi, menyudagi boshqa taomlarni tanlash imkoniyatini cheklamasligi kerak. Shuningdek, sog‘liq uchun zararli yoki allergiya chaqirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni majburan taklif qilishga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

Qo‘mita umumiy ovqatlanish korxonalari (kafe, restoran, oshxona v.b) tomonidan bu kabi qonunbuzish holatlariga yo‘l qo‘yib, iste’molchilarning huquqlari buzilgan taqdirda belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ramazon taqvimi – 2026 e’lon qilingandi. Hududlar kesimida saharlik va iftorlik vaqtlaridagi farqni @fatvouz_taqvim_bot telegram boti orqali aniqlash mumkin. Bot orqali yashash hududingizni tanlab, aniq vaqtlarni bilish imkoni mavjud.