
London fond birjasida O‘zbekistonning $15 mlrddan ortiq suveren va korporativ obligatsiyalari joylashtirildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili lord Jon Olderdays uchrashuvida qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
So‘nggi yillarda siyosiy muloqot sezilarli darajada faollashgani ta’kidlandi. Barcha darajalarda almashinuvlar davom etmoqda. Xavfsizlik sohasida ham samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Keyingi besh yilda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 baravar oshdi. O‘tgan yili Qo‘shma iqtisodiy qo‘mita mexanizmi ishga tushirildi.
Ayni paytda uchta qo‘shma universitet faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga kelayotgan britaniyalik sayyohlar soni ham ortmoqda.
Tomonlar energetika, moliya, geologiya, transport, kimyo, farmatsevtika, fan va ta’lim yo‘nalishlarida yangi loyihalarni ilgari surish muhimligini qayd etdi. Mintaqaviy va global masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri prezident amaliy tashrif bilan AQShga borishi haqida yozgan edi.