
Tojikiston bosh prokurori Habibullo Vohidzoda 15-fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida endi «layk» uchun hech kim jazolanmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Avesta.tj nashri xabar bermoqda.
Uning aytishicha, mamlakatda terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar soni kamaygan. Vohidzodaning aniq keltirishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra bunday huquqbuzarliklar soni 2024-yilga nisbatan 23 foizdan ko‘proqqa, ya’ni 314 taga kamaygan.
Bosh prokuror qisqarish Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ko‘rsatmasidan so‘ng kuzatilganini ta’kidladi. Prezident ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» va izohlar uchun jinoyat ishlari qo‘zg‘atmaslikni buyurgan. Shuningdek, aholi bilan tushuntirish ishlari kuchaytirilgan. Ma’lum qilinishicha, ekstremistik va terrorchilik xarakteridagi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan 405 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.
«Layk va repostlar» uchun javobgarlikni bekor qilish to‘g‘risidagi qonun Tojikiston parlamenti tomonidan qabul qilinib, 2025-yilning may oyida davlat rahbari tomonidan imzolangan. Prezident ayrim davlat organlari fuqarolarga nisbatan asossiz ravishda jinoyat ishlari qo‘zg‘atayotganini aytgan va bu amaliyotga barham berish zarurligini ta’kidlagan.
Oliy sud raisi Rustam Mirzozoda esa matbuot anjumanlaridan birida internetdagi layk va izohlar uchun sudlangan shaxslar ishi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirgandi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda «layk» va obunachi ko‘paytirishdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.