Yangiliklar

Toshkentda 2 mlrd so‘mlik kontrafakt mahsulotlar savdosining oldi olindi

Tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Toshkent shahrida 32 mln so‘mlik 20 dona reagentlar va 2 mlrd so‘mlik 322 quti (kontrafakt) mahsulotlar savdosining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, poytaxtda faoliyat yurituvchi, tibbiy reagentlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari yaroqlilik muddati o‘tgan, qiymati 32 mln so‘mlik laboratoriya tekshiruvi uchun mo‘ljallangan 20 dona reagentlarni 16 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Toshkent shahri va viloyatida joylashgan unga tegishli 2 ta omborxona «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi» davlat muassasasi xodimlarini jalb qilgan holda ko‘zdan kechirilganda, ularda umumiy qiymati 2 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan, 216 turdagi 1414 quti yaroqlilik muddati o‘tgan hamda xorijdan olib kelingan va tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan 28 turdagi 322 quti (kontrafakt) mahsulotlar mavjudligi aniqlangan.

Hozirda tibbiy vositalar bo‘yicha tegishli tartibda ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, sifatsiz reagentlarning ishlatilishi kelgusida bemorlarga noto‘g‘ri tashxis qo‘yish orqali muolaja qilish bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi ota-bola faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida yozgandi.