Yangiliklar

Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Tojikiston yo‘nalishida ilk sinov konteyner poyezdi yo‘lga qo‘yildi

Tranzit muddati esa 18–20 kun etib belgilangan
Foto: «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ

Xitoyda O‘zbekiston ta’sischiligida tashkil etilgan UTK International Logistics Co. Ltd qo‘shma korxonasi tomonidan Xitoydan Tojikistonga ilk sinov konteyner poyezdi muvaffaqiyatli jo‘natildi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ xabar berdi.

Mazkur poyezd tarkibi xalq iste’moli mahsulotlari hamda qurilish texnikasi yuklangan 8 ta 40 futlik konteynerdan iborat bo‘lib, u Lanchjou stansiyasidan jo‘nab, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Tojikiston multimodal transport koridori orqali Dushanbe-2 stansiyasiga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Yo‘nalishning umumiy masofasi 3500 kilometrdan ortiqni tashkil etib, yuklarni yetkazishning tranzit muddati esa 18–20 kun etib belgilangan.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning logistika sohasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi natijasida ushbu multimodal yo‘nalish bo‘ylab tarif imtiyozlari o‘rnatilgan.

Foto: «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ

«Ushbu pilot loyiha esa kompaniyaning Xitoy — Markaziy Osiyo yo‘nalishida barqaror va muntazam konteyner tashuvlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy salohiyatini tasdiqlaydi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq «Kursiv» Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yangi xalqaro transport yo‘lagi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.