Yangiliklar

Xitoyning Moonshot AI startapi 10 mlrd dollar sarmoya jalb qilmoqchi

SI
Kompaniya yaqinda Kimi K2.5 modelini taqdim etgan edi
Xitoyning Moonshot AI startapi 10 mlrd dollar sarmoya jalb qilmoqchi
Foto: Tech in Asia

Xitoyning sun’iy intellekt (SI) yo‘nalishidagi Moonshot AI startapi yangi moliyalashtirish bosqichida kompaniya qiymatini $10 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan. Bu haqda Bloomberg manbalarga tayanib xabar berdi.

Pekin shahrida joylashgan kompaniya Kimi nomli chat-bot ortida turadi. Yaqinda Moonshot sarmoya jalb qilishning kengaytirilgan bosqichini boshlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayon yanvar oxirida boshlangan.

Moonshot bundan bir oy avval $500 mln mablag‘ jalb qilgan edi. O‘shanda kompaniya bahosi $4,3 mlrd etib baholangan. Yangi bosqichda investorlar qiziqishi yuqori ekani aytilmoqda.

Hozirgi raundning birinchi bosqichida Alibaba Group, Tencent va 5Y Capital jamg‘armasi $700 mlndan ortiq sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Tomonlar muzokaralarni davom ettirmoqda.

Moonshot’ning tez sur’atda mablag‘ yig‘ishi Xitoydagi AI startaplariga investorlar ishtiyoqi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Ular Silikon vodiysidagi OpenAI va Antropic kabi kompaniyalarga raqobatchi bo‘lishni maqsad qilgan.

Kompaniya yaqinda Kimi K2.5 modelini taqdim etdi. U tarqatish platformasi OpenRouter’da eng ko‘p ishlatiladigan yirik til modellari qatoriga kirdi. K2.5 ochiq kodli modellar reytingida Artificial Analysis saytida ikkinchi o‘rinda turadi. Undan faqat xitoylik Zhipu’ning yangi GLM-5 modeli oldinda.

Agar Moonshot $10 mlrdlik bahoga erishsa, u baribir Zhipu va Minimax Group’dan pastroq baholanadi. Ushbu ikki kompaniya bu yil IPO orqali $29 mlrddan ortiq qiymatga yetgan.

Moonshot Tsinxua universitetining sobiq professori Yang Chjilin tomonidan asos solingan. U ilgari Meta va Google’ning sun’iy intellekt loyihalarida ham ishlagan.

Kompaniya hozir 10 mlrd yuan, ya’ni $1,4 mlrd atrofida naqd mablag‘ga ega. Yang Chjilin ichki xatida kompaniya IPOga shoshilmayotganini bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, sentabr – noyabr oylarida to‘lovchi foydalanuvchilar soni oyma-oy 170 foizdan ko‘proq o‘sish qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri SI eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan 40 ta kasb e’lon qilingani haqida yozgan edi.