Yangiliklar

Yaqinlashayotgan Ramazon, arzonlashgan iPhone 17 va elektromobillarga kam foizli avtokredit — 17-fevral kuni e’lon qilingan yangiliklar

17-fevral kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida
Toshkent
Foto: Salohiddin Kamolov / Unsplash

2026-yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori belgilandi, «Malika»da iPhone 17 modellari arzonlashdi, elektromobillarga kam foizli avtokredit beriladi – 17-fevral kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

O‘zbekistonda 18-fevral kuni 2 mingdan ortiq masjidlarda taroveh namozlari o‘qiladi

Foto: Uzbekistan Travel

18-fevraldan boshlab respublika bo‘ylab 2 mingdan ortiq masjidlarda taroveh namozlari ado etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lum qildi. Unga ko‘ra, namozlar har kuni soat 20:30 dan keyin boshlanadi. Taxminan 1 millionga yaqin fuqarolar har kuni taroveh namozlarida ishtirok etishi kutilmoqda.

Hilola Umarova MMT vaziri o‘rinbosari va universitet rektori etib tayinlandi

Хилола Умарова
Foto: prezident matbuot xizmati

17-fevral kuni Hilola Umarova maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.

U 2025-yil iyul oyidan buyon Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi. 2026-yil 16-fevral kuni mazkur lavozimdan ozod etildi. Uning o‘rnini pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Ilhom Sirojev egalladi.

Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda gaz chaqnashi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi

Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda gaz chaqnashi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi
Foto: Ochiq manbadan

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashgan ko‘p qavatli uyda gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, 16-fevral kuni soat 21:18 da shaharning Muqimiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Hodisa ortidan yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga 7 daqiqa ichida yetib borib, yong‘inni qisqa fursatda bartaraf etgan. Hodisa natijasida 4 nafar fuqaro turli darajada kuyish jarohatlari olgan.

Prezident amaliy tashrif bilan AQShga boradi

Prezident amaliy tashrif bilan AQShga boradi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 17 – 19-fevral kunlari AQSh prezidenti Donald Tramp taklifiga binoan Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etish uchun Vashington shahriga amaliy tashrif bilan boradi.

Kengashning birinchi sammiti US Institute of Peace’da bo‘lib o‘tadi va G‘azo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam ko‘rsatish hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.

MobiUz aloqa operatoriga hakerlar hujum qildi

MobiUz aloqa operatoriga hakerlar hujum qildi
Rasm ChatGPT yordamida yaratilgan

MobiUz aloqa operatori kiberhujumga uchradi. Ijtimoiy tarmoqlarda 3 mingga yaqin xodimlarning shaxsiy ma’lumotlari Dark Web’ga sizdirilgani haqida xabarlar tarqaldi.

16-fevral kuni Mobiuz axborot xavfsizligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Ma’lum qilinishicha, 2025-yil davomida 10 mingdan ortiq turli darajadagi DDoS-hujumlar qaytarilgan. Shundan 180 dan ortig‘i jiddiy toifaga kiradi. Shuningdek, 68 mingdan ortiq fishing havolalari va firibgarlik saytlari bloklangan. Tarmoq infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishga bo‘lgan uchta urinish to‘liq bartaraf etilgan.

Dollar 53 so‘mga pastladi: 18-fevral uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

18-fevral uchun valyutalar kursi e’lon qilindi
Foto: Depositphotos

18-fevral uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar 53,44 so‘mga tushib, 12 137,86 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 85,26 so‘mga tushib, 14 379,72 so‘mni, rubl 0,38 so‘mga tushib, 158,13 so‘mni tashkil qildi.

Floyd Mayvezer va Mayk Tayson jangining sanasi va manzili aniq bo‘ldi

Foto: The Irish Sun

Boks olamining ikki buyuk vakili Mayk Tayson va Floyd Mayvezer o‘rtasidagi ko‘rgazmali jang 2026-yilning 25-aprel kuni Kongo Demokratik Respublikasida bo‘lib o‘tishi belgilandi.

Tashkilotchilar dastlab jangni mart oyiga rejalashtirgan edilar, biroq yakunda tanlov 25-aprel sanasi va Markaziy Afrikadagi Kongo davlatida to‘xtaldi. Ushbu hudud 1974-yili Muhammad Ali va Jorj Forman o‘rtasidagi mashhur Rumble in the Jungle jangiga mezbonlik qilgan bo‘lib, boks tarixidagi eng nufuzli manzillardan biri hisoblanadi.

Angliya kubogi nimchorak finaliga qur’a tashlandi

Foto: thefa.com

Angliya kubogining nimchorak finaliga tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, Abduqodir Husanov harakat qilayotgan «Manchester Siti» safarda «Nyukasl Yunayted» bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.

Pep Gvardiola boshchiligidagi «Manchester Siti» uchun ushbu bosqich oson kechmaydigan bo‘ldi. Chunki «Nyukasl» o‘z uyida har qanday raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi bilan mashhur. Boshqa juftliklarda ham qiziqarli qarama-qarshiliklar yuzaga keldi. «Liverpul» klubi Premer-ligadagi raqibi «Vulverxempton» bilan «Enfild»da bahslashadi.

Ramazon taqvimi – 2026 e’lon qilindi

ramazon
Foto: Ramadan.dubai

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 1447-hijriy yil, 2026-milodiy yil uchun Ramazon taqvimini e’lon qildi. Taqvimda Toshkent vaqti bilan saharlik va iftorlik soatlari ko‘rsatilgan.

Hududlar kesimida saharlik va iftorlik vaqtlaridagi farqni @fatvouz_taqvim_bot telegram boti orqali aniqlash mumkin. Bot orqali yashash hududingizni tanlab, aniq vaqtlarni bilish imkoni mavjud.

2026-yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori belgilandi

2026-yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori belgilandi
Foto: depositphotos

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 2026-yil, hijriy 1447-yil Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdorini belgiladi.

Unga ko‘ra, zakot nisobi 85 gramm 585 probali oltin qiymatidan kelib chiqib 100 mln so‘m etib belgilandi. Shunga ko‘ra, kamida 85 gramm oltin yoki 100 mln so‘m mablag‘ga ega bo‘lgan shaxs jami boyligining 2,5 foizini zakot sifatida kambag‘allarga berishi farz hisoblanadi. Fitr sadaqasi miqdori quyidagicha belgilandi:

  • 2 kg bug‘doy yoki uning qiymati 10 ming so‘m,
  • 2 kg bug‘doy uni yoki uning qiymati 12 ming so‘m,
  • 4 kg arpa yoki uning qiymati 20 ming so‘m,
  • 2 kg mayiz yoki uning qiymati 110 ming so‘m,
  • 4 kg xurmo yoki uning qiymati 200 ming so‘m.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu mahsulotlardan birini yoki uning pul qiymatini fitr sadaqasi sifatida berishi mumkin. Fitr sadaqasi Ramazon davomida hayit namozigacha berilishi lozim.

Narxlar tushdi: «Malika»da iPhone 17 modellari arzonlashdi

iPhone 17 на «Малике»
Rasm: Apple

2025-yil 15-oktabrda iPhone 17 (256 GB) narxi $1250 dan boshlangan. 512 GB versiyasi esa $1550 dan sotilgan. 2026-yil 17-fevral holatiga ko‘ra, 256 GB model $1070–1100 atrofida, 512 GB versiya esa $1350 dan sotilmoqda.

17-fevralda iPhone 17 Pro (256 GB) narxi $1300–1400 oralig‘ida. iPhone 17 Pro Max (256 GB) esa rangiga qarab $1490–1590 turadi.

Pro Max’ning 512 GB versiyasi $1650–1860, 1 TB versiyasi $2130–2300, 2 TB versiyasi esa $2600–2900 narxda taklif qilinmoqda. iPhone 17 Air (256 GB)ni $970 ga sotib olish mumkin.

Elektromobillarga kam foizli avtokredit qachondan beriladi

Foto: YouTube

O‘zbekistonda 2026-yil 1-sentabrdan elektromobillarni sotib olish uchun 16 foizgacha stavkada bank avtokreditlari beriladi. Bu haqda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030 strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida»gi prezident farmonida keltirilgan.

Ushbu avtokreditlar birinchi bosqichda aholiga 15 mingta elektromobil uchun taqdim qilinadi.