
Yashin eng ko‘p kuzatiladigan hududlar ichida Janubiy Amerikaning shimoliy qismi va Markaziy Afrika yetakchilik qiladi. Bu haqda NASAning Lightning Imaging Sensor ma’lumotlarida keltirilgan. U Yer yuzida bir tekis taqsimlanmagan.
Ayrim hududlarda momaqaldiroq va chaqmoq faolligi dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan bir necha barobar yuqori. Bunga geografiya, iqlim va atmosfera sharoitlari sabab bo‘ladi. Quyidagi infografikada har bir qit’adagi asosiy faol nuqtalar ko‘rsatilgan. Xarita yilda bir kvadrat kilometrga to‘g‘ri keladigan chaqmoq zarbalari zichligiga asoslangan.

Janubiy Amerikaning shimoliy qismi va Markaziy Afrikada zarbalar zichligi boshqa mintaqalarga qaraganda ancha yuqori. Ayniqsa, Marakaybo ko‘li ajralib turadi. U Yer yuzidagi eng yuqori chaqmoq chastotasiga ega joy bo‘lib, «chaqmoq poytaxti» sifatida tanilgan.
Chaqmoq faol nuqtalari odatda issiq va nam havo doimiy ravishda ko‘tarilib, yuqorida sovuq havo massalari bilan to‘qnashadigan hududlarda shakllanadi. Marakaybo ko‘li atrofida tog‘lar issiq va nam havoni o‘rab turadi. Bu esa kuchli va tez-tez yuz beradigan momaqaldiroqlar uchun ideal sharoit yaratadi.
Shunga o‘xshash jarayonlar Kongo Demokratik Respublikasining ayrim hududlarida va Hindistonning shimolida ham kuzatiladi. Kuchli quyosh nurlanishi va mavsumiy ob-havo sikllari konvektiv bo‘ronlarni kuchaytiradi. Ayrim mavsumlarda u yerda chaqmoq deyarli har kuni kuzatiladi.

Lightning Imaging Sensor qurilmasi orbitadan momaqaldiroq paytidagi qisqa yorug‘lik chaqnashlarini qayd etadi. Biroq ma’lumotlarning geografik cheklovlari mavjud. LIS asosan 38 daraja shimoliy va 38 daraja janubiy kenglik oralig‘idagi chaqmoqlarni kuzatadi. Shu sababli Yevropaning ko‘p qismi va yuqori kenglikdagi boshqa hududlar tahlilga kiritilmagan. Demak, xarita sun’iy yo‘ldosh qamrovi doirasidagi eng faol zonalarni aks ettiradi, ammo butun sayyora bo‘yicha mutlaq natijani bermaydi.
Avvalroq «Kursiv» Janubiy Afrikada chaqmoq urishi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani haqida yozgandi.