Yangiliklar

Apple iPhone 17e va yangi qurilmalarni taqdimotdan avvalroq e’lon qilishi mumkin

2 – 4-mart kunlari taqdim etilishi aytilmoqda
apple
Foto: Estadao

Taniqli insayder Jon Gruberning xabar berishicha, Apple yangi mahsulotlarini 4-mart kuni emas, balki undan oldinroq e’lon qiladi. Yangi qurilmalar 2 – 4-mart kunlari kompaniya saytidagi press-relizlar orqali taqdim etilishi kutilmoqda.

Jon Gruberning ta’kidlashicha, 4-martga belgilangan tadbir faqat jurnalistlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda OAV vakillari yangi qurilmalarni ko‘zdan kechirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Asosiy e’lonlar esa dushanbadan chorshanbagacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida amalga oshirilishi taxmin qilinmoqda.

Apple iPhone 17e smartfonining sifatlari suratlari namoyish etildi
Foto: Jon Prosser

«Menimcha, Apple ushbu barcha mahsulotlarni saytdagi press-relizlar orqali e’lon qiladi. Masalan, dushanba kuni iPhone 17e, seshanba kuni yangi iPad va chorshanba kuni yangi MacBook taqdim etilishi mumkin», – deb yozadi Gruber.

Mart oyida Apple A18 Pro chipli budjet MacBook, M5 chipli MacBook Air hamda M5 Pro va M5 Max chiplari o‘rnatilgan MacBook Pro noutbuklarini taqdim etishi kutilmoqda. Shuningdek, yangi Mac monitorlari, iPhone 17e, A18 chipli iPad va M4 chipli iPad Air planshetlari ham namoyish etilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17e MagSafe’ni qo‘llab-quvvatlashi haqida xabar bergan edi.