Yangiliklar

Bektemir va Katta halqa yo‘li chorrahasida harakat vaqtincha o‘zgartiriladi

Qurilish ishlari doirasida Katta halqa yo‘lidagi ortga qayrilib olish manzili ko‘chirildi
Foto: Tergov.uz

Toshkent shahrida Bektemir yo‘li hamda Katta halqa yo‘li ko‘chalari kesishgan chorrahada yo‘l inshooti qurilishi boshlandi. Qurilish ishlari doirasida Katta halqa yo‘lidagi ortga qayrilib olish manzili ko‘chirildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Shu sababli mazkur hudud orqali harakatlanuvchi ayrim avtobus yo‘nalishlariga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritildi.

Qaysi yo‘nalishlar o‘zgardi

  • 93, 117, 128, 130-sonli avtobuslar – ushbu yo‘nalishlar endilikda Katta halqa yo‘li va Furqat ko‘chalari kesishmasidan ortga qayrilib harakatlanadi.
  • 39 va 110-sonli avtobuslar – mazkur yo‘nalishlar harakati vaqtincha bir tomonlama tartibda — Katta halqa yo‘li, Furqat va Bektemir yo‘li ko‘chalari orqali tashkil etiladi.

Yo‘lovchilarga ogohlantirish

Qurilish ishlari olib borilayotgani sababli avtobuslar harakatida belgilangan intervaldan chetlanish, ya’ni kechikishlar yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, hududda transport tirbandligi kuchayishi va yo‘llardagi cheklovlar sabab yo‘nalishlarga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi ehtimoli ham mavjud.

Avvalroq «Kursiv» nashri Yangi O‘zbekiston bog‘i ob-havo sababli vaqtincha yopilgani haqida yozgandi.