Avto

Chery yangi pikapini sotuvga chiqardi

Chery BAA bozorida Rely R08 o‘rta o‘lchamli pikapini taqdim etdi
Chery yangi pikapini sotuvga chiqardi
Foto: Chery

Chery Automobile BAA bozorida Rely R08 o‘rta o‘lchamli pikapini taqdim etdi. CarNewsChina’ga ko‘ra, modelning boshlang‘ich narxi $17,1 mingni tashkil etadi. Narxga QQS ham kiritilgan.

Rely bu Chery’ning 2019-yilda tashkil etilgan tijorat brendi hisoblanadi. R08 pikapi kompaniyaning xorijiy bozorlardagi asosiy modellaridan biri. Ayrim mamlakatlarda u Chery Himla nomi bilan ham sotiladi. BAAda model Al Ghurair Mobility bilan hamkorlikda taqdim etildi. Dastlabki avtomobillar Dubaydagi Rely salonida mavjud.

Foto: MIIT

Rely R08’ning o‘lchamlari 5370/1960/1880 mm, g‘ildirak bazasi 3230 mmni tashkil etadi. U Toyota Hilux’dan biroz uzunroq. Pikap ramali konstruksiyaga ega. Yuk platformasining uzunligi 1530 mm, kengligi 1620 mm, balandligi 515 mm. Yuk ko‘tarish quvvati 1000 kg, yonilg‘i baki hajmi esa 80 litrni tashkil etadi.

Model benzin va dizel dvigatellari bilan taklif etiladi. Benzinli versiya 2,4 litrli Mitsubishi atmosferali dvigatel bilan jihozlangan. U 158 ot kuchi va 230 Nm moment beradi. 5 pog‘onali mexanik uzatma bilan taklif qilinadi.

Foto: Chery

Dizel versiya 2,3 litrli turbomotor bilan jihozlangan. U 161 ot kuchi va 420 Nm moment ishlab chiqaradi. 6 pog‘onali mexanik yoki 8 pog‘onali avtomat uzatma bilan taklif etiladi. Yetak turi komplektatsiyaga qarab RWD yoki 4WD bo‘ladi.

Boshlang‘ich benzinli versiya mato o‘rindiqlar, mexanik sozlanish, orqa parktronik, konditsioner, ikkita old havo yostig‘i va 4 ta dinamik bilan jihozlangan. Eng qimmat dizel Limited Edition versiyasida 4WD, 15,6 dyuymli sensor ekran, simsiz zaryadlash, 360 darajali kamera va ADAS tizimlari mavjud. Uning narxi $25,7 mingni tashkil etadi.

Foto: Chery

Rely R08 5 yil yoki 200 ming km kafolat bilan taklif etiladi. Texnik xizmat oralig‘i esa 10 ming km yoki 6 oy etib belgilangan. Xizmat faqat rasmiy servis markazlarida bajarilishi shart.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq narxini yaxshi saqlaydigan avtomobillar haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, Chery Tiggo 4 Pro ham qiymatini nisbatan yaxshi saqlaydigan avtomobillar qatoriga kirgan.