Avto

Damas narxidagi ikki kishilik Fiat Topolino qanday xususiyatlarga ega

Narxi Yevropada $11,5 – $12 ming atrofida
Foto: Fiat

Fiat o‘zining kichik elektr kvadritsikli – Fiat Topolino modelini yangiladi. Bu haqda Bike-ev nashri xabar berdi.

2026-yilgi talqinda avtomobil yangi Corallo (to‘q sariq-qizil) rangda taqdim etildi hamda 5,7 dyuymli kattaroq raqamli displeyga ega bo‘ldi. .

Mikro-EV segmentidagi o‘rni

Topolino ilk bor 2023-yilda taqdim etilgan bo‘lib, u aslida Citroen Ami modelining Fiat uslubidagi versiyasi hisoblanadi. Model Yevropada L6e toifasiga kiradi – bu esa maksimal tezlikni 45 km/soat bilan cheklaydi va ayrim mamlakatlarda soddalashtirilgan haydovchilik guvohnomasi bilan boshqarish imkonini beradi.

Foto: Fiat

2025-yilga kelib, Topolino Yevropadagi kvadritsikllar segmentida qariyb 20 foiz ulushni egalladi. 2026-yil fevralidagi yangilanish bilan ranglar tanlovi kengaydi: avvalgi Verde Vita yashil rangiga Corallo qo‘shildi. Narxi Yevropada $11,5 – $12 ming atrofida.

Texnik ko‘rsatkichlar o‘zgarmadi

Topolino o‘zining asosiy texnik parametrlarini saqlab qoldi. U 8 ot kuchiga ega (6 kVt) elektr motor bilan jihozlangan. 5,4 kVt/soat sig‘imli batareya bir zaryadda taxminan 75 km (46-47 mil) masofani bosib o‘tish imkonini beradi. Maksimal tezlik 45 km/soat. Oddiy maishiy rozetka orqali to‘liq zaryadlash 4 soatga yaqin vaqt oladi.

Foto: Fiat

Old g‘ildirakdan tortish tizimi va bir pog‘onali avtomat uzatma shahar ichida sodda boshqaruvni ta’minlaydi. Boshqaruv panelida atigi uchta tugma – Drive, Neutral va Reverse mavjud.

Dizayn va qulaylik

Uzunligi atigi 2,53 metr bo‘lgan model tor ko‘chalar va gavjum shahar markazlari uchun juda mos. Katta oynalar salonni yorug‘ va kengroq ko‘rsatadi. Old va orqa panellarning bir xil dizaynda ishlanishi ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi. Kuzov materiallari to‘liq qayta ishlanishi mumkin, batareyaning esa 85 foizi qayta utilizatsiya qilinadi.

Foto: Fiat

Yangi 5,7 dyuymli displey avvalgi 3,5 dyuymli ekran o‘rnini egalladi va tezlik hamda asosiy ma’lumotlarni aniq ko‘rsatadi.

AQSh bozoriga chiqishi mumkin

Fiat 2026-yilda modelni AQSh bozoriga ham olib kirishni rejalashtirmoqda. U yerda avtomobil LSV (Low-Speed Vehicle) toifasiga kiradi va asosan yopiq hududlar, kampuslar yoki turarjoy massivlarida foydalanish uchun mo‘ljallanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 72 ot kuchiga ega «Jiguli» eski Damas narxida sotilayotgani haqida yozgandi.