Yangiliklar

Dunyo mamlakatlarida Ramazon oyi qaysi sanadan boshlanadi

O‘zbekistonda 19-fevraldan
Ramazon
Dunyo mamlakatlarida Ramazon oyi qaysi sanadan boshlanadi / Foto: Shutterstock / Dastan Shanai

Ko‘plab mamlakatlarda 2026-yilda Ramazon oyining boshlanish sanasi rasman e’lon qilindi. Bu haqda O’zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.

2026-yil 17-fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari hijriy 1447-yil Ramazon oyining hiloli kuzatilmaganini ma’lum qildi. Ushbu xulosani O‘zbekiston FA Astronomiya instituti taqdim etgan astronomik ma’lumotlar ham tasdiqladi.

Shu asosda 18-fevral hijriy 1447-yil Sha’bon oyining 30-kuni deb belgilandi, Ramazon oyining birinchi kuni esa 2026-yil 19-fevralga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qilindi.

Mazkur sana ko‘plab musulmon davlatlari tomonidan ham e’lon qilindi. Jumladan, Misr, Iordaniya, Suriya, Iroq, Eron, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Indoneziya, Bruney, Ummon, Singapur, Avstraliya, Yaponiya, Pokiston, Hindiston, Malayziya va Janubiy Koreyada ham Ramazonning birinchi kuni 19 fevral deb belgilandi.

Shuningdek, Yevropa fatvo va tadqiqotlar kengashi ham 19-fevralni Ramazon oyining boshlanish sanasi sifatida e’lon qildi.

Keyinchalik quyosh botishi va yangi hilol kuzatuvlari yakunlariga ko‘ra, yana bir qator davlatlar — Liviya, Rossiya, Bangladesh va Tunis ham Ramazon oyining birinchi kuni sifatida aynan 19-fevralni tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 2026-yil, hijriy 1447-yil Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdorini belgilagan edi.