Eronda hukumatga qarshi namoyishlar qayta avj oldi

17-fevral kuni Eronda ommaviy namoyishlar qurbonlarini xotirlash tadbirlarida hukumatga qarshi shiorlar yangradi. Abadan va boshqa shaharlarda xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarga ko‘ra, Abadan shahrida to‘planganlar qo‘llarida gullar va qurbonlarning suratlarini ko‘tarib, «Xomanaiyga o‘lim» hamda «Shohga hamdu sanolar» deya hayqirgan. Videolardan birida o‘q ovozlari fonida odamlarning vahima ichida qochayotgani aks etgan.

Tehronning Imom Xomanaiy masjidida rasmiy hukumat tomonidan tashkil etilgan xotira marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda vitse-prezident Muhammad Rizo Orif va Islom inqilobi soqchilari korpusi qo‘mondoni Ismoil Qaani ishtirok etdi.
«Tartibsizliklar tashkilotchilari va terrorchilarni qo‘llab-quvvatlaganlar jinoyatchidir hamda oqibatlariga duchor bo‘ladilar», – dedi Qaani Tasnim agentligiga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, dastlab 2025-yil dekabr oyida iqtisodiy sabablar bilan boshlangan namoyishlar tez orada siyosiy tus olgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar davomida 3,1 ming kishi halok bo‘lgan, shundan 2,4 ming nafari tinch aholi va xavfsizlik xodimlari hisoblanadi. AQShda joylashgan inson huquqlari agentligi esa qurbonlar soni 7 mingdan oshganini bildirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Eronga 6 mingta Starlink terminalini yetkazib bergani haqida xabar bergan edi.