
Florida shtati Vakillar palatasi 17-fevral kuni Palm Beach xalqaro aeroportini prezident Donald Tramp sharafiga qayta nomlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Palatada o‘tgan ovoz berish jarayonida 81 nafar deputat taklifni qo‘llab-quvvatlagan, 30 nafari esa qarshi chiqqan.
Qonun loyihasi qizg‘in bahs-munozaralar fonida qabul qilindi. Respublikachilar Trampni Floridadan chiqqan birinchi prezident sifatida e’tirof etish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa, demokratlar uning siyosiy merosi, jumladan, impichmentlar va sud hukmlarini ro‘kach qilib, qarshilik ko‘rsatishdi.
«Bu odam sharafiga aeroport nomini berishga urinayotganimiz aqlga sig‘maydi, tushunyapsizmi?», – deya qayd etgan demokrat vakil Eshli Gantt.
Palm Beach okrugi aeroportlar departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, nomni o‘zgartirish jarayoni qariyb $5,5 mlnga tushishi mumkin. Bu mablag‘ yangi belgilar dizayni, uskunalar, xodimlar formasi va texnik tizimlarni yangilashga sarflanadi. Xarajatlar aeroport daromadlari yoki shtat qonun chiqaruvchi organi tomonidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Bahslar davomida Tramp oilasining aeroport nomi uchun savdo belgisiga ariza topshirgani ham tanqid qilindi. Hujjat endi Senatda yakuniy ovozga qo‘yiladi va tasdiqlansa, imzolash uchun gubernator Ron DeSantisga yuboriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroil Tramp tashabbusi bilan Tinchlik kengashiga qo‘shilgani haqida xabar bergan edi.