
Toshkentda IIV akademiyasiga o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxslar $12 ming bilan ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda fuqaro S.R. va S.Sh. o‘zaro til biriktirib, fuqaro B.M.ning ishonchiga kirgani aniqlangan. Ular go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Ichki ishlar akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishlarini va’da qilgan.
Shu yo‘l bilan $12 ming miqdorida pulni firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtida gumonlanuvchilar ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik, shuningdek 28 va 211-moddalari, ya’ni pora berish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 1,4 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish fosh etilgani haqida yozgan edi.